Ukrainani uzoq va qorong‘i qish kutmoqda – Volker Turk
Olam
−
08 dekabr 2022
5743Ukraina xalqining iztiroblari “yangi norma”ga aylanmasligi kerak. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turk Ukrainaga tashrifining so‘nggi kunida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida yuzaga kelgan son-sanoqsiz vahshiyliklarga barham berishning eng samarali yo‘li – BMT Nizomi va xalqaro huquq normalariga muvofiq ma’nosiz urushni to‘xtatish bo‘lib qoladi.
“Ukrainani uzoq va qorong‘i qish kutmoqda deb qo‘rqaman. Taxminan 17,7 million ukrainalik gumanitar yordamga, 9,3 million kishi oziq-ovqatga muhtoj. Aholining uchdan bir qismi uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Taxminan 7,89 million kishi, ularning aksariyati ayollar va bolalar mamlakatni tark etdi, 6,5 million ukrainalik ichki ko‘chirildi”, deya davom etdi Volker Turk.
U 5 dekabr kuni bir necha soat vaqtini bomba boshpanasida o‘tkazishga majbur bo‘lganini qo‘shimcha qildi. O‘shanda Ukrainaga kamida 70 ta raketa uchirilib, muhim fuqarolik infratuzilmasini nishonga olingan.
“Bizga bir guruh huquq himoyachilari qo‘shildi va suhbat boshlandi – go‘yo havo hujumi sirenalari sizning ish kuningizni to‘xtatib qo‘yishi odatiy holdek. Ammo bu normal emas va hech qanday holatda normal bo‘lishi mumkin emas”, deydi Oliy komissar.
Uning qayd etishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarligi idorasiga har kuni mumkin bo‘lgan urush jinoyatlari haqida ma’lumot keladi.
“Tinch aholi qurbonlari ko‘lami va fuqarolik ob’ektlariga, jumladan, shifoxonalar va maktablarga yetkazilgan zarar dahshatli, buni Izyumda o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman”, deya davom etdi Oliy komissar.
Suddan tashqari qatl qilish, qiynoqlar, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, zo‘ravonlik bilan yo‘qolib ketish va jinsiy zo‘ravonlik haqida xabarlar kelib tushmoqda va BMT bunday hodisalarni tergov qilishdagi taraqqiyotni diqqat bilan kuzatib boradi.
Volker Turk harbiy asirlarga insoniy munosabatda bo‘lish zarurligini eslatdi.
“Bu xalqaro gumanitar huquqning aniq talabidir. Harbiy jinoyatlarda gumon qilingan harbiy asirlar xalqaro standartlarga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak. Xalqaro huquq ularni faqat jangovar harakatlarda qatnashgani uchun javobgarlikka tortishni taqiqlaydi”, deya davom etdi tashkilot vakili.
Oliy komissarning aytishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainadagi Inson huquqlari monitoringi missiyasi 7 dekabr kuni Ukrainada tinch aholining o‘ldirilishi bilan bog‘liq holatlar batafsil bayon etilgan hisobotni e’lon qilgan. Gap aprel oyi boshiga qadar mamlakatning Rossiya nazorati ostida bo‘lgan uchta shimoliy viloyati – Kiyev, Chernigov va Sumidagi 441 nafar tinch aholining taqdiri haqida bormoqda.
“Hisobotda tilga olingan jami qatllarning urush jinoyati va qasddan o‘ldirishlar ekanligiga ishonish uchun kuchli asoslar bor”, deydi u.
Oliy komissar urush jinoyatlari qurbonlari va jabrdiylari haqiqat, adolat va tovon olish huquqiga ega ekanligiga ishonch hosil qiladi.
“Aybdorlar imkon qadar tezroq javobgarlikka tortilishi kerak. Odil sudlovni amalga oshirish uchun vaqtinchalik imkoniyat yo‘qligi tufayli yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirish uchun endi jabrlanuvchilar tovon puli to‘lash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish zarur”, deydi u.
LiveBarchasi