Ukrainani egallayotgan Putin Suriyaning yaxlitligi haqida va’z o‘qidi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Suriyada ISHID terror tashkiloti va boshqa ekstremistik guruhlarni butunlay yo‘q qilishga chaqirdi va Yaqin Sharq mamlakatining yaxlitligini saqlash haqida fikr bildirdi. Bu haqda u kecha, 19 iyul kuni Tehronda Ostona formatida ishtirok etuvchi davlat rahbarlarining uch tomonlama sammiti ochilishida so‘zlagan nutqida aytib o‘tgan. Putin Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun ko‘plab dolzarb masalalar to‘planganini ta’kidlagan.

“Rossiya, Eron va Turkiyaning Suriyadagi inqirozni keng qamrovli hal etish bo‘yicha birgalikdagi faoliyati juda samarali bo‘lmoqda. Mamlakatlarimizning yordami va qo‘llab-quvvatlashi tufayli Suriyada zo‘ravonlik darajasi sezilarli darajada kamaydi, tinch hayot jonlanmoqda, iqtisodiyot va ijtimoiy soha bosqichma-bosqich tiklanmoqda”, deydi davlat rahbari.

Rossiya rahbari Suriya inqirozini BMT Xavfsizlik Kengashining 2254-rezolyutsiyasi asosida hal etish bo‘yicha siyosiy va diplomatik jarayon muhimligini ta’kidlagan.

“Ostona uchligi Suriyadagi vaziyatni to‘liq normallashtirish, mamlakatda mustahkam tinchlik va fuqarolar totuvligini o‘rnatishga qaratilgan ishlarda asosiy rol o‘ynashda davom etishi kerak”, deydi Putin.

Shu bilan birga, Rossiya rahbarining aytishicha, Moskva Suriya suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligini so‘zsiz hurmat qilishning fundamental tamoyillariga qat’iy sodiqlikdan kelib chiqadi.

“Biz sammit yakunida tasdiqlash uchun tayyorlangan, uch tomonlama shaklda o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Qo‘shma bayonot loyihasini qo‘llab-quvvatlaymiz”, degan Putin.

Putin Turkiya, Rossiya va Eron Suriya tuprog‘ida qolgan xalqaro terrorizm markazlarini nihoyat yo‘q qilish manfaati yo‘lida hamkorlikni chinakam mustahkamlashda davom etishiga ishonch bildirgan. 

“Biz Suriyada ISHID va boshqa ekstremistik guruhlar mavjudligiga abadiy chek qo‘yishimiz kerak.

Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Suriya rasmiylari nazorati ostida bo‘lmagan hududlardagi vaziyat alohida tashvish uyg‘otmoqda.

“Biz jinoyatchilik, ekstremizm, separatizmning haqiqiy tahdidlari aynan shu hududlardan kelayotganini ko‘rib turibmiz. Bunga asosan Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi G‘arb davlatlarining keng arsenaldan foydalanadigan buzg‘unchi chizig‘i yordam bermoqda”, deydi Putin.

Putin bu hududlardagi vaziyatni barqarorlashtirish va ularni Suriyaning qonuniy hukumati nazoratiga qaytarishga qaratilgan uch tomonlama format doirasida qo‘shimcha choralar ko‘rish muhimligini ta’kidlagan.

Putinning aytishicha, Ostona formatidagi navbatdagi uch tomonlama sammit Rossiyada bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

285

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing