Ukrainalik deputat davlatga xiyonatda ayblanib, hibsga olindi
Olam
−
16 noyabr 2023
4837Kiyevdagi Pechersk sudi Oliy Rada deputati va davlatga xiyonatda gumon qilingan ukrainalik sobiq jurnalist Aleksandr Dubinskiyni ikki oyga hibsga oldi. Bu haqda Ukraina xavfsizlik xizmatining Telegram'dagi rasmiy kanalida ma’lum qilindi.
Ukraina Xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 2019 yildan beri Dubinskiy “Buratino” chaqiruv belgisi ostida Rossiya Federatsiyasi Bosh shtabi Bosh boshqarmasining razvedka tarmog‘ida (GRU) Rossiya foydasiga axborot va qo‘poruvchilik faoliyatini amalga oshirish bilan shug‘ullangan.
Aytilishicha, ushbu razvedka tarmog‘ining vazifalari Ukrainadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni buzish va xalqaro maydonda mamlakatni obro‘sizlantirishni o‘z ichiga oladi.
Taxminlarga ko‘ra, tarmoq GRU rahbarining o‘rinbosari Vladimir Alekseyev tomonidan yaratilgan, uning operativ boshqaruvini uning o‘rinbosari Aleksey Savin amalga oshirgan. Kiyevda uni sobiq Sovet GRU zobiti Igor Kolesnikov muvofiqlashtirgan.
Dubinskiydan tashqari tarmoqda sobiq deputat Andrey Derkach va sobiq harbiy prokuror Konstantin Kulik ham bor edi. Tarmoqni moliyalashtirish uchun 10 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilgan.
“Babel” nashrining qayd etishicha, 2019-2021 yillarda Dubinskiy o‘zining Telegram-kanalida Ukrainadagi og‘ir iqtisodiy vaziyat va mamlakatdagi korrupsiya haqida ko‘pincha dalilsiz yozgan.
2019 yilda AQSH prezidentlik saylovlari arafasida Dubinskiy va Derkach Kiyevda matbuot anjumani o‘tkazgan. Ular Jo Bayden va uning o‘g‘li Xanterni “Burisma” gaz ishlab chiqarish kompaniyasi orqali pul yuvishda, Ukraina rasmiylarini esa Amerika yordamini o‘g‘irlashda ayblagan.
“The New York Times” gazetasining yozishicha, shu yo‘l bilan Dubinskiy Donald Trampning advokati Rudolf Julianiga Baydenlar oilasini Ukrainadagi korrupsiya bilan bog‘lashda yordam berishga uringan. 2021 yilning yanvar oyida Qo‘shma Shtatlar Dubinskiyga qarshi saylovlarga aralashgani uchun sanksiyalar kiritdi.
Ukraina tomonidan Dubinskiyning YouTube'da 350 ming obunachiga ega kanali bloklangan. Bir oy o‘tgach, Dubinskiy Oliy Radadagi prezidentlik fraksiyasi va "Xalq xizmatkori" (“Sluga naroda”) partiyasidan chiqarib yuborilgan.
2023 yil avgust oyida deputat hujjatlarni soxtalashtirish va chet elga noqonuniy sayohat qilishda, noyabr oyi boshida ko‘ngillilar niqobi ostida uchinchi shaxslarni xorijga noqonuniy tashishni tashkil qilganlikda gumon qilingan edi. U yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutuvchi moddaga ko‘ra uy qamog‘iga olingan.
Joriy yilning 13 noyabr kuni Ukraina huquq-tartibot idoralari Dubinskiyga xiyonat ishi bo‘yicha yangi qidiruvlar o‘tkazdi. Uni 2024 yil 12 yanvarga qadar garov to‘lash huquqisiz hibsda saqlashga qaror qilindi.
Davlatga xiyonat qilish moddasiga ko‘ra, u mol-mulki musodara qilinib, 15 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi. Dubinskiyning o‘zi Vladimir Zelenskiy va Ukraina Prezidenti devonxonasi rahbari Andrey Yermakni tanqid qilgani uchun ta’qib qilinayotganini aytgan.
LiveBarchasi