Ukrainalik bolalar portlashlar ovozini unutish uchun O‘zbekistonga keldi
Jamiyat
−
17 avgust 2023
40757Ukrainadan dam olish va reabilitatsiya uchun 45 nafardan iborat bolalar guruhi O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Mikola Doroshenko o‘zining Facebook'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Ukraina elchixonasi tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus o‘zbekistonlik biznes vakillari va jamoat tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
“O‘zga davlatga sayohat, u yerning madaniyati, an’analari va odatlari bilan tanishish har bir insonning bolalik orzusi bo‘lgan. Kecha ukrainalik bir guruh bolalarning shunday orzusi ushaldi”, deydi Mikola Doroshenko.
Bolalar Ukrainaning turli burchaklari, Xarkov, Xerson, Zaporoje, Sumi, Xmelniskiy, Laov va poytaxt Kiyevdan olib kelingan. Dam olish va salomatlikni qayta tiklash uchun jami 45 nafar bola va 2 nafar kuzatuvchi Toshkentga kelgan. Ular 12 kun mobaynida “Anor” bolalar oromgohida dam oladi.
“Ukraina elchixonasining bolalar ruhiy muvozanatini tiklash, Ukraina shaharlarining har kunlik havo trevogalari va raketa zarbalarini unutishga yordam berish uchun qilgan murojaatiga labbay deb javob bergan O‘zbekiston biznes va notijorat tashkilotlari vakillariga katta tashakkur”, deydi elchi.
Ma’lum qilinishicha, bolalar Polshaning Katovitse shahri orqali O‘zbekistonga keltirilgan.
LiveBarchasi