Ukrainadagi urush uchun Merkel javobgarligi aytildi
Olam
−
04 mart 2023 13843 1 daqiqa
Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel Ukrainada bo‘layotgan urush uchun aybdor deb hisoblanmoqda. U kanslerlik davrida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga imkon beradigan bir qator qarorlar qabul qilgani aytildi. Bu ayblovlarni Bundestagdagi mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mita rahbari Mari-Agnes Shtrak-Simmermann NTV telekanallariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘sha davrda Merkel Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan. 2008 yilda NATOning ko‘plab davlatlari Ukrainaning alyansga muddatidan oldin qabul qilinishi tarafdori bo‘lgan, biroq Germaniya va Fransiya Rossiyaning pozitsiyasi tufayli bu qarorga qarshi chiqqan.
Simmermanning aytishicha, Germaniya federal hukumatning o‘sha paytdagi xatti-harakatlarini qayta ko‘rib chiqishi hamda Rossiya hujumidan keyin Ukraina yonida turishi va uni qurol bilan qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Shuningdek, siyosatchi Ukrainadagi urush Birinchi yoki Ikkinchi jahon urushlari kabi uzoq davom etishiga ishonmasligini aytgan.
“Urush, albatta, to‘rt yoki besh yil davom etmaydi. Putin Ukrainani keng va barqaror qo‘llab-quvvatlashni kutmagan edi. Putin bizni mutlaqo ahmoq deb hisoblardi”, deydi Bundestag a’zosi.
Live
Barchasi