Ukrainadagi Kaxovska GES portlatilishi mumkin
Olam
−
20 Oktabr 2022
10956Ukrainaning Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyatidagi Kaxovska gidroelektr stansiyasi to‘g‘oniga hujum uyushtirilishi mumkin. Ehtimoliy hujumni Rossiya va Ukraina uyushtirishi mumkinligi aytilmoqda.
Kaxovka tumanining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Vladimir Leontev RIA Novostiga Ukraina Kaxovska GESga dengiz minalari bilan hujum qilishi mumkinligini aytgan.
“Bu mubolag‘a emas, balki ishonchli ma’lumot. Bu ma’lumot avval ham bo‘lgan, ammo hozir katta ehtimol bilan kutilmoqda. Ayniqsa, suv oqimining ko‘payishi tufayli oqim kuchayganini hisobga olsak, minalardan foydalanish ehtimoli juda katta”, deydi Leontev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mart-aprel oylarida ham Ukraina Dnepr bo‘ylab Kaxovska GES yo‘nalishida to‘g‘onni buzish uchun minalardan foydalanishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar e’lon qilingan.
“Biz shahar va uning atrofidagi vaziyatni nazorat qilamiz. Strategik ob’ektlar xavfsizligi va mudofaasi kuchaytirildi”, deydi tuman rahbari.
Ayni vaqtda, Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari Rossiya rasmiylarining Xerson viloyatidagi vaziyat to‘g‘risidagi bayonotlarini tahlil qilib, Moskva, aftidan, rejali chekinish va Xersondagi ulkan yo‘qotishlarini oqlash uchun axborot maydonini oldindan shunga tayyorlayapti, degan xulosaga keldi. Bu haqda BBC yozmoqda.
Tahlilchilarning xulosasiga ko‘ra, Rossiya harbiy qo‘mondonligi Ukrainaning Xarkov viloyatiga qarshi hujum paytidagi oldingi ma’lumotlardan va operatsion muvaffaqiyatsizliklardan saboq olgan va shuning uchun Ukrainaning navbatdagi muvaffaqiyatli hujumining oqibatlarini minimallashtirishga harakat qilmoqda.
Aytish joizki, Kaxovska gidroelektr stansiyasi Dnepr gidroelektr stansiyalari kaskadining oltinchi (pastki va oxirgi) bosqichidir. U Xerson viloyati Novaya Kaxovka shahridan besh kilometr uzoqlikda joylashgan.
Musulmon Ziyo
LiveBarchasi