Ukrainada qamoqxona kattagina pulga sotildi

Olam

image

Ukraina Adliya vaziri Denis Malyuska mamlakatdagi 148-sonli Lvov axloq tuzatish koloniyasi sotilganini e’lon qildi. Bu Ukrainada sotilgan ilk qamoqxona bo‘ldi. Bu haqda bugun, 3 iyun kuni vazir o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qilgan.

“Bugun 148-sonli Lvov axloq tuzatish koloniyasi kim oshdi savdosida sotildi. Bu qamoqxonalarning birinchi katta savdosi”, deya yozdi Adliya vaziri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yetti ishtirokchi qatnashgan kim oshdi savdosida ob’ekt narxi uch baravar — 377,5 million grivnaga (taxminan 13,9 million AQSH dollari) ko‘tarilgan. 

Malyuskaning so‘zlariga ko‘ra, tushumning 30 foizi davlat byudjetiga, 70 foizi qamoqxona infratuzilmasini tiklashga sarflanadi. 

“Katta qamoqxona savdosi “Katta qamoqxona qurilishi”ga aylanadi. Faqat tashlandiq va qulab tushgan xarobalar o‘rniga biz Yevropa standartlariga javob beradigan va davlat uchun uyat bo‘lmagan yangi qamoqxonalarni quramiz”, deydi vazir.

“ProZorro.Prodaji” portali ham kim oshdi savdosi natijalari haqida xabar berib, “Development injiniring servis” auksion g‘olibiga aylanganini yozgan. Ushbu firma Lvovda ro‘yxatdan o‘tgan va qurilish bilan shug‘ullanadi.

Joriy sotuv Ukrainada amalga oshirilgan birinchi muvaffaqiyatli koloniya savdosidir. Mart oyida Irpen axloq tuzatish markazi 220 million grivna (8 million AQSH dollari) evaziga kim oshdi savdosiga qo‘yilgan edi, ammo ishtirokchilar yo‘qligi sababli kim oshdi savdosi o‘tkazilmadi. 

Aprel oyida bo‘lib o‘tgan ikkinchi kim oshdi savdosida koloniyaning narxi yarmigacha pasaytirilgan, ammo yana hech kim bu bo‘yicha murojaat qilmagan.

Jinoiy jazolarni ijro etish departamentining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Ukrainada yuzdan ziyod qamoqxonalar mavjud, shulardan 27 tasi yaroqsiz va yana to‘qqiztasi yaqinda yopiladi. 148-sonli Lvov axloq tuzatish koloniyasi esa 2018 yildan beri yopiq bo‘lgan.

Yevropa Kengashining ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qamoqxonalarda eng ko‘p mahkum saqlaydigan TOP-10 davlatlar qatoriga kiradi. Ushbu davlatda 53 mingga yaqin mahkum bor. 

Bundan tashqari, Ukrainaning 100 ming aholisiga 125,7 nafar mahkum to‘g‘ri keladi, bu Yevropaning o‘rtacha ko‘rsatkichidan (100 ming aholiga 106 nafar mahkum) yuqori.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

141

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing