Ukrainada harbiy besh nafar xizmatdoshini otib tashladi
Olam
−
27 yanvar 2022
13336Ukrainaning Dnipro shahrida Milliy gvardiya xodimi o‘z hamkasblariga qarata o‘t ochdi. Oqibatda besh kishi halok bo‘lgan, yana besh kishi jarohatlangan. Bu haqda Ukraina Ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun, 27 yanvar kuni soat 03:40 da "Yujmash" janubiy mashinasozlik zavodi hududida Ukraina Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisi, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan 21 yoshli Ryabchuk Artemiy Yurevich qurol-yarog‘ berish chog‘ida noma’lum sabablarga ko‘ra, harbiy xizmatchilar qo‘riqchisini "Kalashnikov" avtomatidan otib o‘ldirgan. Shundan so‘ng, u qurol bilan qochib ketgan.
"Artem Ryabchuk hozirgina Dnepropetrovsk viloyati politsiyasi tomonidan hibsga olindi. U qonunda nazarda tutilgan eng jiddiy javobgarlikka tortiladi", deb yozgan vazir.
Denis Monastirskiyga ko‘ra, otishmada besh kishi halok bo‘lgan va yana besh kishi yaralangan. Harbiy xizmatchilardan biri unga tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida to‘rt nafar harbiy va bir fuqaro ham bor.
“Fojiaga sabab bo‘lgan sharoit va holatlar o‘rganilgach, xulosa chiqariladi. Shu jumladan xodimlar ham tekshiriladi”, deb ishontirdi Monastirskiy.
LiveBarchasi