Ukraina o‘zining taktik ballistik raketasini ilk bor jangda qo‘lladi

Olam

−

image

Ukraina mahalliy ishlab chiqilgan FP-7 taktik ballistik raketasini ilk bor jangovor sharoitda qo‘lladi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

“Ukrainaning taktik ballistik raketasi – FP-7. Birinchi jangovor qo‘llanish. Natija uchun rahmat”, deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.

Uning qayd etishicha, navbatdagi bosqich ushbu raketalarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Ma’lum bo‘lishicha, FP-7 raketasi “Fire Point” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Kompaniya bosh direktori Irina Terex 11 sentyabr kuni raketa ikki bosqichli sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgani va jangovor sharoitda tekshirishga tayyorlanayotganini aytgan.

FP-7 quruqlikdagi qurilmadan uchiriladi va 200 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarni urishi mumkin. Raketa 150 kilogrammgacha jangovor kallak olib yurishga qodir, uning maksimal tezligi esa soniyasiga 1,5 kilometrga yetadi.

“Fire Point” kompaniyasi hamraisi va bosh konstruktori Denis Shtilerman avvalroq FP-7ni AQSHning ATACMS raketasiga o‘xshash qurol sifatida ta’riflagan. Uning aytishicha, Ukrainada ishlab chiqarilgan raketa ATACMS’dan taxminan 2,5 barobar arzon.

Kompaniya, shuningdek, 850 kilometrgacha masofaga ucha oladigan FP-9 raketasini ham sinovdan o‘tkazmoqda. Irina Terexning aytishicha, uning uzoq masofaga uchishi sababli to‘liq sinovlarni Ukraina hududida o‘tkazishning imkoni yo‘q.

“Fire Point” Ukraina armiyasining yirik pudratchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya uzoq masofaga uchuvchi FP-1 zarbdor dronlari hamda FP-5 “Flamingo” qanotli raketalarini ishlab chiqaradi.

“Fire Point” FP-7 va FP-9 raketalarini ishlab chiqayotganini 2025 yil sentyabrida rasman ma’lum qilgan. Joriy yilning fevralida esa FP-7ning ilk sinov uchirilishini namoyish etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya kuchlari Ukrainaning shaharlariga dronlar orqali hujum qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing