Ukraina ustidan “havo qalqoni” qurish zarur – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Germaniya kansleri Olaf Shols bilan telefon orqali suhbatda Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlarini taqdim etish masalasi va don kelishuvini muhokama qildi. Bu haqda u Twitter sahifasida yozgan.

“Ukraina uzra havo qalqoni qurish kerak. Biz don tashabbusini davom ettirish muhimligini ta’kidladik”, deydi u Shols  bilan suhbatini sharhlab.

Shuningdek, Ukraina Prezidenti Berlin tomonidan taqdim etilgan bir dona IRIS-T havo mudofaa tizimi uchun minnatdorlik bildirgan.

Ukraina rahbari suhbat chog‘ida don tashabbusini davom ettirish muhim ekanini qo‘shimcha qilgan

"Biz dunyoni ochlik bilan shantaj qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak", deydi Zelenskiy.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Rasmiy Moskva bunga anneksiya qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujumni sabab sifatida keltirib, hujum "don yo‘lagi"dan foydalangan holda uyushtirilganini  ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolangandi. Aytish joizki, mazkur hujjatni Rossiya, BMT va Turkiya vakillari Ukraina rasmiylari bilan birgalikda imzolagan.  Chunki don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.

Shartnoma muddati 19 noyabrda tugashi sabab Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.

Biroq, oktyabr oyida Qrim ko‘prigidagi portlash ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

53

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing