Ukraina harbiylari ZAES hududini o‘qqa tutayotgani aytilmoqda

Olam

image

Kecha, 31 avgust kuni 60 kishidan iborat Ukraina sabotaj guruhi ZAESni egallab olishga urinish uchun Kaxovka suv ombori qirg‘og‘iga tushdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

“Ertalab soat 6:00 da Ukraina qo‘shinlarining 60 kishidan iborat ikkita sabotaj guruhi yettita qayiqda Zaporoje atom elektr stansiyasidan uch kilometr shimoli-sharqda joylashgan Kaxovka suv ombori qirg‘og‘iga suzib o‘tdi va stansiyani egallab olishga urindi. 

Rossiya Qurolli kuchlari dushmanni yo‘q qilish choralarini ko‘rdi”, deyiladi xabarda.

Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, kecha, 31 avgust ertalab soat 8:00 dan beri Ukraina Qurolli kuchlari Vasilevka aholi punkti va Zaporoje atom elektr stansiyasi hududida MAGATE missiyasining uchrashish nuqtasini o‘qqa tutmoqda.

Xususan, birinchi quvvat blokidan 400 metr masofada to‘rtta snaryad portlagan. 

“Kiyev rejimining provokatsiyasi MAGATE ishchi guruhining Zaporoje atom elektr stansiyasiga kelishini buzishga qaratilgan”, deyiladi xabarda. 

Aytish joizki, 30 avgust kuni MAGATE rahbari Rafael Grossi boshchiligidagi missiya Kiyevga yetib borgandi. Kecha, 31 avgust kuni ertalab esa MAGATE missiyasi karvoni Kiyevdan chiqib, Energodardagi ZAES tomon yo‘l olgan.

MAGATE bosh direktori Rafael Grossi ZAESda MAGATE mutaxassislarining doimiy ishtirokini tashkil etishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Rossiya Federatsiyasining Venadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Mixail Ulyanov Rossiya bu niyatni olqishlashini aytdi. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.

Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

ZAES

Baholaganlar

193

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing