O‘quvchilarning TikTok uchun olgan videosi tufayli ota-onalar uzr so‘radi (video)
Jamiyat
−
01 mart 2023
38666Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 181-maktabning to‘rt nafar o‘quvchisi maktabda odob-axloq qoidalariga zid tarzda video tayyorlab, TikTok’ga joylagani tanqid qilindi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi munosabat bildirib, ularning ota- onasi qizlarining xatti-harakati uchun uzr so‘raganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur holat Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan. Unga ko‘ra, maktabning to‘rt nafar o‘quvchisi darsdan keyin sinfxonada suvenir pullarni sochib, turli nomaqbul harakatlar bilan o‘z yoshiga mos kelmagan video suratga olgan. So‘ngra bu lavhani ijtimoiy tarmoqlardan biriga joylagan.
Mazkur videoning keng tarqalishi ortidan maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. Unda tuman Xalq ta’limi bo‘limi vakillari, faollar, tuman yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, profilaktika inspektori, psixolog ishtirok etgan.
Suhbat davomida “qahramonlar” va ularning ota-onalariga o‘smirlarning yuqoridagi xatti-harakatlari odob-axloq qoidalariga zid ekanligi, milliy an’analarga, qadriyatlarga to‘g‘ri kelmasligi tushuntirilgan.
Videoni suratga olishda ishtirok etgan o‘quvchilardan birining onasi maktab ma’muriyatidan barcha ota-onalar nomidan uzr so‘ragan.
LiveBarchasi