O‘quvchi qizlarga tahdid qilgan imom-xatib ishdan olindi
Jamiyat
−
29 yanvar 2023
73620Ijtimoiy tarmoqlarga Toshkent viloyatidagi “Eshonxo‘ja ota” masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromov arab tilini o‘rganayotgan 16 yoshli qizlar bilan qo‘pol gaplashayotgani va “jonini olishini” aytib tahdid qilgan audiosi sizdirildi. Holat O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ichki nazorat komissiyasi tomonidan muhokama qilinib, imom-xatib egallab turgan lavozimidan ozod etilishi kerakligi xulosa qilingan. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy Telegram-kanalida xabar berildi.
“Bunday shaxslarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida o‘rin yo‘q”, deyiladi idora xabarida.
Qayd etilishicha, imom-xatibning holati imomlik maqomiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, Avazxo‘ja Bahromov arab tili o‘quv kurslarida dars berishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasini belgilangan tartibda xabardor etmagan.
“Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini jamiyatda o‘zini tutishi, odamlar bilan munosabatda namuna ko‘rsatishi, imomlik maqomiga munosib bo‘lishi borasida muntazam tushuntirish ishlarini olib boradi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan avval ijroga yo‘naltirilgan normativ hujjatlarda ham imom-xatib tasdiqlangan me’yoriy hujjatlarga amal qilishi va mehnat majburiyatlariga rioya etishi qat’iy belgilab qo‘yilgan edi”, deyiladi idora xabarda.
Biroq Avazxo‘ja Bahromov mazkur xatti-harakati bilan me’yoriy hujjatlar talablarini qo‘pol ravishda buzib, O‘zbekiston musulmonlari idorasining mazkur yo‘nalishdagi buyruqlari, ichki tartib qoidalari hamda mehnat majburiyatlariga rioya etmagani ma’lum bo‘lgan.
Ayni kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar Avazxo‘ja Bahromovning mazkur xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan ish olib bormoqda.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15