O‘qituvchilar nega raqsga tushib, badantarbiya qilgandi? XTV izoh berdi
Jamiyat
−
20 yanvar 2022
24992Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatidagi maktablardan birida mashhur qo‘shiqchi Shakiraning qo‘shig‘i ostida raqsga tushib, badantarbiya qilayotgan xodimlarning videosi tarqaldi va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Videoda ko‘rishimiz mumkinki, 20 dan ortiq ayol va erkak o‘qituvchilar Shakiraning “Waka-Waka” qo‘shig‘i ostida raqsga tushib, ertalabki badantarbiyani amalga oshirmoqda.
Halq ta’limi vazirining matbuot kotibi Laylo Rustamova ushbu holatga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu ritmik badantarbiya inson salomatligi va kayfiyati uchun amalga oshirilgan.
“Afsuski ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim kanallar tomonidan ushbu videoga “Ko‘zbo‘yamachilikning tubi bormi?” deya “ta’rif” berilgan.
Nahotki, inson salomatligi va kayfiyati uchun amalga oshirgan ushbu ritmik badantarbiya mashqi ham biz uchun salbiy taasurot uyg‘otsa?!
Sog‘lom turmush tarzi fasl va joy tanlamaydi. Rivojlangan davlatlarda ham ish kuni mana shunday badantarbiya mashqlari bilan boshlanadi. Bunday kayfiyatda boshlangan kun ish faoliyatida ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Mashqlar o‘qituvchilarga qanchalik kayfiyat bag‘ishlayotganini payqash qiyin emas”, deydi matbuot kotibi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur videoda Andijon viloyati Jalaquduq tuman 1-IDUM xodimlarining ertalabki ritmik gimnastika mashg‘ulotlari aks etgan.
LiveBarchasi