O‘qituvchi o‘quvchini urgani tasdiqlanmadi, ammo o‘qituvchining ko‘zi ko‘kargan
Jamiyat
−
28 Sentabr 2021
10889Ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor tumani 134-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Gulchehra Agzamovaning dars vaqtida o‘quvchilardan birini kalit bilan boshiga urgani aytilgan videolavha tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, voqea joriy yilning 15 sentyabr kuni 2-smena dars vaqtining boshlanish arafasida 134-maktabning 2-qavat yo‘lagida sodir bo‘lgan. Shovqin suronni eshitgan ingliz tili fani o‘qituvchisi Gulchehra Agzamova o‘zaro mushtlashayotgan 2 nafar o‘quvchilarni ajratish maqsadida ularga tanbeh berib, tartibga chaqirgan. Shundan so‘ng, o‘qituvchi o‘quvchilarni ajratib, 5-A sinfning dars xonasiga olib kirgan va o‘quvchilarni tinchlantirgan.
Biroq, o‘qituvchi xonadan chiqib ketgach, sinf partasining otilgan ovozi va o‘g‘il bolaning baqirig‘i eshitilgan. Shunda Ingliz tili o‘qituvchisi yana o‘sha sinfga qaytib kirgan. Qarasa, o‘zi ajratgan 2 nafar o‘quvchi bir-birini yana mushtlab, bo‘g‘ayotgan bo‘lgan. Ularni ajratish maqsadida ikkala o‘quvchini ham ikki tomonga olib, joyiga o‘tqazmoqchi bo‘lganida, o‘quvchi Z.I. emotsiyada o‘qituvchiga qarshilik bildirgan. O‘qituvchi o‘quvchini jahldan tushirish uchun “bas qil”, deb baland ovozda tanbeh bergan va qo‘lidan ushlab joyiga o‘tqazgan.
Ma’lum qilinishicha, o‘qituvchining qo‘lida hech narsa bo‘lmagan va bolaga hech qanday tan jarohati yetmagan. O‘quvchi bu voqea orasida o‘qituvchiga nisbatan haqoratli so‘zlar bilan so‘kingan va o‘qituvchi o‘quvchini tinchlantirish uchun partaga qo‘li bilan urib, tartibga chaqirgan.
Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng, 20 sentyabr kuni o‘quvchi Z.I.ning onasi maktabga kelgan va o‘sha ingliz tili o‘qituvchisini dars jarayonidan chaqirtirib olgan. Shunda o‘quvchining onasi o‘qituvchiga qo‘qqisdan qo‘l ko‘targan. Buning oqibatida, ingliz tili fani o‘qituvchisi G.Agzamovaning chap ko‘z yuqori qismi ko‘karib chiqqan. Mahalla inspektori va o‘qituvchilar – Z.Aliqulova, X.Qosimova, D.Xo‘jameyarova bu voqeaga guvoh bo‘lgan.
Shundan so‘ng, kechki soat 20:00 atrofida mahalla posbonlari tarafidan G.Agzamovaning turmush o‘rtog‘i X.Agzamovga qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Ular o‘quvchining onasida bo‘lib o‘tgan holat bo‘yicha videolavha borligini va u ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilishi mumkinligini aytgan. Mahalla posbonlari yaxshisi, borib uzr so‘rash kerakligini maslahat bergan. O‘qituvchining turmush o‘rtog‘i borib kechirim ham so‘ragan.
Biroq, o‘quvchining onasi rozi bo‘lmagan. So‘ngra u dars vaqti bo‘lishiga qaramasdan, sinf xonaga bostirib kirib, o‘quvchilarni har xil savollarga tutgan. Qo‘l telefoni orqali barcha jarayonlarni tasvirga olgan. Maxsus tayyorlangan videoni o‘qituvchining “sha’nini bulg‘ash maqsadida” telegram kanali orqali tarqatgan.
Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida Olmazor tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘rganish o‘tkazib, o‘quvchi va o‘qituvchilar bilan o‘zaro suhbat jarayonida har bir holatga alohida oydinlik kiritgan. Shundan so‘ng, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan voqea yuzasidan o‘quvchi Z.I.ning onasi chaqirtirilib, vaziyat ikki tomonlama o‘rganilgan. Suhbat davomida Z.I.ning onasi haqiqatdan ham o‘qituvchini urganligini tan olib, “farzandimni o‘qituvchi urganligi uchun men ham o‘qituvchini urdim”, deya o‘z harakatiga izoh bergan.
Xabarga ko‘ra, mazkur holatga huquqiy munosabat va xulosa bildirilishi talab etilgani bois hodisa tafsilotlari tuman Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Komissiyasi tomonidan o‘rganilmoqda.
LiveBarchasi