O‘qishga kiritishni va’da qilgan maktab direktori va talaba ushlandi

3-sahifa

image

Surxondaryo viloyati Uzun tumani hamda Toshkent shahar Bektemir tumanida fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. Ushbu holatni sodir etganlardan biri maktab direktori, ikkinchisi esa O‘zbekiston milliy universiteti magistratura bosqichi talabasi bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuratura  huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Departamentning Uzun tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktab direktori M.B. fuqaro M.M. bilan oldindan til biriktirib, ikki nafar fuqaroni tanishlari yordamida Qozog‘iston Respublikasi, Chimkent davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Evaziga esa ularning har biridan 1 200 AQSH dollaridan jami 2 400 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi va Bektemir tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zbekiston milliy universiteti magistratura bosqichi talabasi O.R. fuqaro O.ga go‘yoki o‘zini dekanat xodimi sifatida tanishtirib, tanishlari orqali uning Qozog‘iston Respublikasi oliygohidagi o‘qishini ko‘chirib, universitetning 2-kursiga qabul qilingani haqida buyruq chiqartirib berishni va’da qilgan. Shuningdek barcha fanlardan baho olib berishini ham aytgan. Evaziga esa 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Xabarga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

82

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing