O‘qishga kirish jarayonida rektorlar aralasholmaydi, hal qilib ham berolmaydi — TDIU rektori
Jamiyat
−
31 iyul 2021
5479“Hali-hamon rektorga o‘qishga kiritib qo‘ying, degan murojaatlar bo‘ladi. Ushbu murojaatlarning barchasi qabul qilinadi, ammo hal qilinmaydi”. Bu haqda bugun, 31 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubning oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari va yangi 2021-2022 o‘quv yili mavzusiga bag‘ishlangan sessiyasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipov ta’kidlab o‘tdi.
“Birinchi navbatda aytishimiz kerak bo‘lgan narsa shuki, oxirgi besh yil ichida oliy ta’limda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Biz kadrlarni tayyorlash va ta’lim sifatini oshirish masalalariga katta e’tibor qaratyapmiz. Eng asosiysi, kadrlarni raqobatbardosh qilib tayyorlayapmiz”, deydi Sharipov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi 5 yilda eng ko‘p tanqidga uchragan OTM ham iqtisodiyot universiteti bo‘ldi. Buni xatto, Prezident ham ta’kidlab o‘tgan.
“Bugungi kunda hujjatlarni qabul qilish faqatgina onlayn rejimda, DTM tomonidan tashkil etilgan saytlarda amalga oshiriladi. Bu jarayonda OTM xodimlari qatnashmaydi. Avvallari esa, imtihonlarni universitetning o‘zida kichik auditoriyalarda o‘tkazilardi va test jarayonlariga rektor, prorektorlari ma’sul bo‘lardi. Korrupsion holatlar aynan manu shu jarayonda edi. Hozirgi kunga kelib test katta ochiq maydonlarda, zallarda tashkil etiladi. U yerda 500-600-800 ta odamdan tashqari, bloger, jurnalistlar qatnashadi va bu shaffoflikni ta’minlaydi”, deydi universitet rektori.
LiveBarchasi