“O‘q-dorilar o‘zimizga kerak”. Tramp Zelenskiy bilan ishlashni xohlamasligini aytdi
Olam
−
10:53 968 2 daqiqa
Vashington Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan munosabatda bo‘lmagani ma’qul. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp NewsMax’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Zelenskiy – biz munosabatda bo‘lishimiz kerak bo‘lgan odam emas. U mojaroni hal qilishni xohlayotganini aytadi, lekin unday emas. Men Zelenskiyning katta muxlisi emasman. Ular Ukrainani vayron qilishdi. Men uni P.T. Barnum (mashhur shoumen) deb atayman”, deydi u.
Siyosatchi, shuningdek, Kiyev rejimi rahbari bilan kelishish Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qaraganda qiyinroq ekanini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Oq uy rahbari Ukrainadagi mojaro tez orada tugashi mumkinligini taxmin qilgan. Uning fikricha, Moskva, ehtimol, muzokaralarni endi Zelenskiy bilan olib bormaydi.
Bundan tashqari, Amerika yetakchisi Kiyevga ko‘rsatilayotgan harbiy yordamni keskin tanqid qilgan. Uning aytishicha, Jo Bayden administratsiyasi davrida Ukraina juda ko‘p miqdorda qurol-yarog‘ olgan va Kiyev ularning bir qismini shunchaki qayta sotib yuborgan. Prezident hozirda Qo‘shma Shtatlar bu kabi yetkazib berishlarga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqqanini qo‘shimcha qilgan.
“So‘nggi paytlarda biz o‘q-dorilarni shunchaki o‘zimizda olib qolyapmiz, chunki ular o‘zimizga kerak. Ular zaxiramizda bo‘lishi zarur. Zaxiralarimizni to‘ldirib olganimizdan so‘ng, haqiqatan ham to‘ldirgach, ittifoqchilarimizga ularni bizdan sotib olishga ruxsat berishni boshlaymiz”, deya xulosa qilgan Tramp.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy rahbari Donald Tramp Vladimir Zelenskiyni keskin tanqid qilib, Ukraina bitimlar tuzishga qodir bo‘lgan yangi yetakchi topishi kerakligini aytgan edi. Keyinchalik OAV Ukrainaning yangi prezidenti lavozimiga to‘rtta nomzod nomini keltirdi. Zelenskiyning o‘zi esa, agar Rossiya 60 kunlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga tayyorligini bildirgan. Bunga javoban Kreml Zelenskiyning Ukrainada saylovlar o‘tkazish uchun ikki oylik sulh tuzish haqidagi taklifini rad etgan.
Live
Barchasi