Ugandada Ganira Pashayeva sharafiga suv qudug‘i ochildi

Olam

image

O‘tgan oy vafot etgan ozarbayjonlik yozuvchi va deputat Ganira Pashayeva sharafiga Ugandada yangi suv qudug‘i ochildi. Tashabbus Turkiyaning Afrika do‘stlari uyushmasi tomonidan amalga oshirildi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

Quduq Jinja shahri yaqinidagi Navatumbi qishlog‘iga qo‘yilgan. “Afrika do‘stlari” uyushmasi qishloqdagi ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat tarqatgan. 

Uyushma rahbari Bilgehan Gyuntekinning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot sa’y-harakatlari bilan shu kungacha qit’a mamlakatlarida 600 ga yaqin suv qudug‘i ochilgan bo‘lib, ularning 300 dan ortig‘i Ugandada joylashgan.

Shuningdek, u “turk dunyosi vatanparvari” Ganira Pashayeva xotirasini hurmat qilishini bildirgan. 

“Uning ruhi shod bo‘lsin. Umid qilamanki, bu manba odamlarga suv bergani uchun uning ruhi ajr-savobga ega bo‘ladi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 sentyabr kuni Ozarbayjon Milliy Majlisi (parlamenti) deputati Ganira Pashayeva komaga tushgani xabar qilingandi. Unga kelib chiqishi noma’lum gipotonik holat tashxisi qo‘yilgandi. Keyinchalik u 28 sentyabr kuni 49 yoshida Bakuda vafot etdi.

Ma’lumot uchun, Ganira Aleskar qizi Pashayeva 1975 yil 24 mart kuni Ozarbayjonning Tovuz viloyatida tug‘ilgan. U 1998 yildan ANS TV telekompaniyasida muxbir, bosh muharrir o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan. 2005 yilda u Haydar Aliyev jamg‘armasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limini boshqargan. 2005 yil 6 noyabrda 105-Tovuz saylov okrugidan deputat etib saylangan.

Shu bilan birga, u 2011 yil aprel oyida Turkiyadagi arxiv materiallari va guvohlarning so‘zlariga asoslanib, XX asr boshlarida turklar armanlarga qarshi genotsid qilgani haqida film suratga olgan. U Ozarbayjon yozuvchisi G‘azanfar Pashayevning jiyani edi.

Ganira Pashayeva O‘zbekistonga ham tez-tez kelib turardi. U so‘nggi tashrifida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasida mehmon bo‘lib, deputat va senatorlar bilan muloqot qilgan edi. 

Shuningdek, O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan ham uchrashuv o‘tkazgan. Ganira Pashayeva Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida bir necha bor mehmon bo‘lib, O‘zbekiston haqida ozar tilida kitob nashr ettirgan. Uning she’rlar to‘plami ham o‘zbek tiliga tarjima qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing