Uchta yangi holat bo‘yicha jinoiy javobgarlik joriy qilinmoqda
Jamiyat
−
11 Oktabr 2022
14135O‘zbekiston jinoyat kodeksiga madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, ularning noqonuniy aylanmasini oldini olish bo‘yicha tadbirlarning samaradorligini oshirish maqsadida yangi jinoiy javobgarlik normalari kiritiladi. Bu haqda “Madaniy boyliklar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi belgilanmoqda.
Loyiha bilan Jinoyat kodeksiga quyidagi harakatlar uchun jinoiy javobgarlik kiritilmoqda:
• moddiy madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib o‘tish;
• alohida tarixiy, ilmiy, badiiy yoki madaniy ahamiyatiga ega bo‘lgan ashyolar va hujjatlarni talon-toroj qilish (usulidan qat’i nazar);
• O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar xalqlarining badiiy, tarixiy va arxeologik merosi ashyolarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga qaytarmaslik.
Loyiha sharhida keltirilishicha, respublika muzeylarida 2,5 mlndan ortiq moddiy madaniy meros ob’ekti hisoblangan ashyolar va kolleksiyalar saqlanib, ularning atigi 5 foizigina ekspozitsiyalarga qo‘yilgan. Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 30 yil ichida 14 ta davlat muzeyidan 5 mingdan ortiq madaniy qimmatga ega bo‘lgan boyliklar yo‘qotilgan.
So‘nggi bir yil davomida muzeylarda muzey ashyolari va kolleksiyalari qalbakilashtirilishi, o‘g‘irlanishi va boshqa tarzda talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq bir qator holatlar aniqlangan.
Shu munosabat bilan, bu sohada huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish maqsadida alohida qimmatga ega bo‘lgan ashyolarni talon-toroj qilganlik uchun alohida javobgarlik chorasini belgilash va ularni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.
Shunga asosan, Jinoyat kodeksini 169-1-moddasi bilan to‘ldirilib, ushbu jinoyat bo‘yicha sub’ekt yoshini 14 yosh etib belgilash taklif etilmoqda.
LiveBarchasi