Uchinchi jahon urushi rejasi: u qachon va qayerda bo‘lishi kerak edi?
Olam
−
18 may 2021
66396Urushni boshlaganlar, uning oloviga yana olov tashlab turganlar iqtisodiy raqobatdan, foyda undirishdan boshqa narsani o‘ylamaydigan to‘ng‘izlardir. Men urushda boylik orttirganlar, urush olovini yoqqanlar urushning birinchi kunlaridayoq mamlakat fuqarolarining muxtor vakillari tomonidan otib tashlanmog‘i zarur, deb hisoblayman.
Ernest Xeminguey “Alvido, qurol” kitobiga yozgan so‘zboshidan.
Ikkinchi jahon urushi insoniyat boshiga juda katta kulfat keltirgan bo‘lishiga qaramay, u insoniyat tarixidagi so‘nggi urush bo‘lmadi. Qirg‘inbarot tugashi bilan ikki yirik ishtirokchi – SSSR va AQSH dunyo hukmronligi uchun o‘zaro kurash boshladi. Sovet Ittifoqi rahbari Iosif Stalin va AQSHning 33-Prezidenti Garri Trumen yangi jahon urushi rejalarini tuzishga kirishib ketishdi. Bu esa insoniyat uchun yangi urush xavfini keltirib chiqardi. Bugun ba’zi adabiyotlar va maxfiy hujjatlarlarda qayd etilgan, lekin omma uchun sir bo‘lib qolayotgan Stalin va Trumenning Uchinchi jahon urushi uchun tuzgan rejalari haqida so‘z yuritamiz.
Urushdan so‘ng Yevropadagi vaziyat
1945 yilda Ikkinchi jahon urushi yakunlangach, AQSH va SSSRning qudrati ortib ketdi. AQSH Ikkinchi jahon urushidan so‘ng moliyaviy jihatdan anchayin boy, bundan tashqari yadro quroliga ega davlatga aylandi. SSSR jahon mamlakatlari ko‘z o‘ngida fashistlar Germaniyasini mag‘lub etib, katta obro‘ga erishdi va urushdan so‘ng ulkan harbiy salohiyatni o‘zida jamladi.
Umumiy dushman Gitler Germaniyasi qulagach, bu ikki davlat o‘rtasida dunyo yetakchiligi uchun kurash boshlandi. Chunki ikkinchi jahon urushi tufayli Yevropaning yirik davlatlari Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi. Buyuk Britaniya g‘oliblar qatorida bo‘lsa-da, iqtisodiy jihatdan AQSHga qaram bo‘lib qoldi. Fransiyada ham ahvol shunday ko‘rinishda edi.
Potsdam konferensiyasi
Mag‘lubiyatga uchragan Germaniyaning taqdirini hal etish va Germaniya to‘laydigan tovon puli miqdorini belgilash, asosiy jinoyatchilarni xalqaro harbiy tribunalga berish haqida kelishib olish uchun 1945 yilning 17 iyulida Potsdam shahrida SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya yetakchilari o‘zaro uchrashishdi. O‘sha vaqtdagi Buyuk Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchill o‘zining xotira daftarida yozishicha, AQSH Prezidenti Garri Trumen uchrashuv vaqtida Sovet Ittifoqi rahbari Iosif Stalinga “Armiyasida katta buzg‘unchi kuchga ega bo‘lgan qurol mavjudligi haqida” shipshitib qo‘yadi. SSSR ayni o‘sha vaqtda hali yadro quroliga ega bo‘lmaganligi uchun Stalin bunga javoban miyig‘ida kulib qo‘yadi.
SSSR yadro quroliga qanday erishdi
Sobiq Ittifoqning yadro qurolini qo‘lga kiritishi Berlinni zabt etilishi bilan bog‘liq. Gap shundaki, dastlab Germaniya o‘z davri uchun dahshatli qudratga ega zamonaviy qurolni yaratish ustida ish boshlagan. Ammo yadro-fizik olimlarning aksari yahudiy bo‘lgani uchun irqiy repressiya natijasida ko‘plab aql insonlari Olmoniyani tark etgan. Shu sababli Gitler Germaniyasi yadro qurolini kashf etishda anchayin oqsay boshladi.
Potsdam konferensiyasidan so‘ng yadro quroliga ega bo‘lish ishtiyoqida yona boshlagan Iosif Stalin Germaniyadagi barcha yadro-fizik olimlarni zudlik bilan topib, Moskvaga ko‘chirib olib kelinishi haqida buyruq beradi. Chunki Potsdam shahrida AQSH Prezidenti Garri Trumenning aytgan gapidan Stalin shuni anglagan ediki, Amerika urushdan so‘ng o‘zining yadro quroli bilan SSSRga tahdid qilishi aniq. Izlanishlar natijasida NKVD (SSSR Ichki ishlar Xalq Komissarligi) Berlindan bir necha tonna boyitilgan uran moddasini topishga muvaffaq bo‘ladi.
AQSHning SSSRga hujum rejasi
AQSH va Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi ilk raqobatchilik Yevropada to‘qnashdi. Urushdan so‘ng AQSH hukmron doiralari tashqi siyosatga e’tibor bera boshladi. Buning sababi Yevropa davlatlarida kommunizm g‘oyasiga ishonuvchilar ko‘payib ketgani bo‘ldi. AQSHning Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) tomonidan SSSR va uning nazorati ostidagi hududlardan taxminan 20 ta eng muhim sanoat shaharlari yadro raketa hujumi uchun tanlab olingan edi. AQSH shu yo‘l bilan kommunizmni tag-tomiri bilan yo‘q qilib, butun dunyoga egalik qilish niyatida edi. AQSH Prezidenti Garri Trumen bu rejani ma’qullab, 1947 yilda “Trumen doktrinasi”ga muvofiq yadro raketalarini Gretsiya va Turkiyaga joylashtirdi. Bu esa AQSH tomonidan ochiqchasiga yangi urushga tayyorgarlik edi.
Stalinning rejalari
Sovet razvedkasi AQSHning yadro hujumi rejasidan tezda xabar topdi. 1947 yilda AQSH yadro raketalarini Gretsiya va Turkiyaga joylashtirgach, SSSR yadro qurolini kashf etish uchun bor kuchi bilan harakat qila boshladi. Nihoyat atom energiyasi institutining yadro-fizik olimi Kuruchatov rahbarligidagi olimlar 1949 yilda Sovet davlatining birinchi atom bombasini sinovdan o‘tkazdi. Bu esa kuchlar muvozanatini tenglashtirdi. Endilikda Sovet Ittifoqi rahbari Iosif Stalin ham AQSHga nisbatan hujum rejalarini tuzishga kirishdi. Stalin bu rejani 4-5 yildan so‘ng amalga oshirmoqchi edi. Sababi Ikkinchi jahon urushidan ko‘rilgan zarar, bundan tashqari yadro qurolini kashf etishga sarflangan xarajatlar juda katta bo‘lgani uchun Stalin davlatni moliyaviy jihatidan oyoqqa turg‘azib olgach, urush boshlamoqchi bo‘lgan.
AQSHning urush uchun bahona izlashi
AQSH urushni boshlashi uchun bahona kerak edi. Shu maqsadda 1949 yilning aprel oyida Vashingtonda AQSH, Angliya, Fransiya hukmron doiralari bilan g‘arbiy Germaniyadagi 9 ta zemel (o‘lkadan) iborat Germaniya Federativ Respublikasini tuzish to‘g‘risida bitim imzolashdi. AQSH Prezidenti Garri Trumen SSSR bunga javoban G‘arbiy Germaniyaga hujum qiladi deb kutgan, chunki bu urushga tayyor bahona bo‘lar edi. Sovet Ittifoqi rahbari Iosif Stalin bunga javoban 1949 yilning oktyabr oyida Sharqiy Germaniyaga qo‘shin kiritib, Germaniya Demokratik Respublikasini tuzib, o‘z ittifoqchisi tarkibiga qo‘shib oldi.
Uchinchi jahon urushi xavfini keltirib chiqargan Koreya urushi
Ikkinchi jahon urushi davrida Koreyaning shimolini SSSR, janubini esa AQSH armiyasi ishg‘ol qildi. Germaniyada bo‘lganidek, bu yerda ham ikki hukumat tuzildi. Janubiy Koreyada Li Si Man boshchiligidagi Amerika tarafdorlari hukumati, Shimoliy Koreyada esa Kim Ir Sen boshchiligida davlat tuzildi. Shundan so‘ng, AQSH o‘zining yettinchi dengiz qo‘shinini Yaponiyaning Okinava oroliga joylashtirdi. Bu esa SSSRning sharqiy Saxalin va Kamchatka hududlariga tahdidi edi.
Kim Ir Sen Janubiy Koreyaga bostirib kirish uchun rejalar tuza boshladi. Biroq urush uchun Kim Ir Senga harbiy ko‘mak zarur edi. Shu maqsadda 1950 yilning aprel oyida Kim Ir Sen Moskvaga o‘zining tutingan akasi Iosif Stalindan Janubiy Koreyaga hujum qilish maqsadida harbiy yordam so‘rab bordi. Bu vaziyatdan foydalangan Sovet Ittifoqi rahbari Stalin Shimoliy Koreyaga yordam berish orqali urush boshlamoqchi edi. Stalin Koreya urushi natijasida yadroviy urush boshlanib ketishi xavfini bilsa-da, bu urushga rozilik berib, Shimoliy Koreyaga harbiy yordam bera boshladi. Stalinning maqsadi Koreya urushi orqali AQSH va uning ittifoqchilarini yo‘q qilish va SSSRni dunyoda yagona gegemon davlatga aylantirish edi. Buning uchun SSSR yadro qurolini allaqachon sinovdan o‘tkazib, urushga shay holatga keltirdi.
Bundan tashqari, bu vaqtga kelib SSSR urushdan so‘ng iqtisodiy jihatdan o‘zini anchayin o‘nglab olgan edi. Stalinning qo‘llab-quvvatlashi natijasida Shimoliy Koreya armiyasi 1950 yilning 25 iyunida chegarani buzib o‘tib, Janubiy Koreyaga hujum qildi. AQSH esa bu masalani tezlik bilan BMTda muhokama etishga kirishdi. BMT Shimoliy Koreyani agressor, deb tan oldi va unga qarshi urush harakatlarini boshlashga ruxsat berdi.
Xalqaro kuchlar AQSH boshchiligida 1950 yilning 15 sentyabr kuni Koreya yarimoroliga tashlandi va ular Shimoliy Koreya armiyasi harakatini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lishdi hamda tez orada KXDR armiyasini Janubiy Koreya hududidan surib chiqardi.
SSSRning ittifoqdoshi bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Mao Szedun agar biron bir koreys bo‘lmagan harbiy kuch 38-paralleldan o‘tib ketsa, Xitoy urushga kirishishini e’lon qildi. Oktyabr oyi oxiriga kelib esa AQSH harbiy kuchlari Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyan shahrini egalladi. Shundan so‘ng Xitoy Xalq Respublikasi o‘z harbiy kuchlarini Shimoliy Koreyaga yordamga yubordi. SSSRning ham Koreya urushiga aralashishi aniq-ravshan bo‘lib qoldi.
Maxfiy yozishmalar
Sovet Ittifoqi rahbari Stalin 1950 yil oktyabr oyi boshlarida Mao Szedunga xat yozgan. Unda shunday deyilgandi:
“Dunyo tez orada yana katta urushga tortiladi, shuning uchun biz shay holatda bo‘lishimiz kerak. Xitoy, SSSR bilan birgalikda bo‘lishi kerak, chunki biz birgalikda AQSH va Buyuk Britaniyadan kuchliroq bo‘lamiz. Agar jahon urush muqarrar bo‘lsa, hozir bo‘lsin”.
Stalin Xitoy bilan birgalikda AQSH qo‘shinlarini Koreya yarim orolidan surib chiqarish orqali Yaponiyani ham egallab olib, undan so‘ng esa AQSHning Gavayi orollaridagi harbiy bazalariga tezlik bilan zarba berish rejasini tuzib qo‘ygan edi.
1951 yilning qishida dunyo Uchinchi jahon urushi ostonasida bo‘lib qoldi. AQSH elchisi Jorj Kennan Moskvadan chiqarib yuborildi.
AQSH Prezidenti Garri Trumen esa AQSH Harbiy havo kuchlari generali Vandenbergga vaziyat keskinlashadigan bo‘lsa, Sibir va Uraldagi SSSR harbiy bazalariga yadroviy zarbalar berish uchun tayyorgarlikka ko‘rsatma bergan. Bu esa butun dunyo Uchinchi jahon urushi arafasida ekanligidan dalolat edi.
Keskinlikning yumshashi
Yaqinlashib kelayotgan Prezidentlik saylovida Garri Trumen uchun asosiy raqib Respublikachi general Duayt Eyzenxauer bo‘ldi. Garri Trumen Koreya urushini davom ettirmoqchi edi. Lekin saylovda g‘olib bo‘la olmagach, SSSRga qarshi tuzilgan barcha rejalar puchga chiqdi. Chunki Prezidentlik saylovi dasturida general Eyzenxauer Koreyadagi urushni tugatishga va’da bergan edi.
1952 yilgi saylovda g‘olib bo‘lgach, Eyzenxauer urushni tugatish uchun nima qilish kerakligini aniqlash maqsadida rasmiy tashrif bilan 1953 yilning boshida Koreyaga bordi. Bu tashrif keskinlikni biroz bo‘lsa-da yumshatishga xizmat qildi. Biroq, burilish nuqtasi 1953 yil 5 martda Stalinning vafot etgani bo‘ldi. Stalin vafotidan ko‘p o‘tmay KPSS Markaziy Qo‘mitasi Prezidiumi urushni to‘xtatish uchun ovoz berdi. 1953 yilda yarash bitimi imzolandi. Unga ko‘ra, har ikki koreys davlati chegarasi urushgacha bo‘lgan holatida (38-parallel kenglikda) tiklandi. Shu tariqa Koreya yarimorolida urush to‘xtatilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ham bu ikki Koreya davlati o‘rtasida hamon ziddiyatlar mavjudligicha qolmoqda.
Nurmatov Sardor Ali
LiveBarchasi