Uch yil deganda ta’miri bitgan stadion buzib tashlanishi mumkin. Jamoatchilik bunga qarshi
Sport
−
13 yanvar 2023
10094O‘zbekiston Pro-ligasini muvaffaqiyatli yakunlagan “Buxoro” futbol klubining stadioni buzilishi mumkin. Qayd etilishicha, uning o‘rniga xuddi Samarqanddagidek sayyohlik markazi barpo etiladi. Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik ushbu qarorga qarshi chiqmoqda.
Stadionda 3 yil davom etgan qurilish ishlari yakunlandi, ammo ijtimoiy tarmoqda stadionga tutash hududlardagi sport majmualari buzilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Bir guruh buxorolik sportchi va murabbiylar ijtimoiy tarmoq orqali sport majmuasi buzilishiga qarshi chiqib, Prezidentga murojaat yo‘lladi.
“Yangi yil sovuq xabar bilan kirib keldi. Sport majmuamiz turistik markaz uchun kimga kerak bo‘libdi? Bu yerda ko‘pgina yoshlar sport bilan shug‘ullanadi. Ellikka yaqin murabbiy majmuada faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, ko‘pgina davlat tashkilotlari xodimlari shu yerda sport bilan shug‘ullanib, o‘z jismoniy holatlarini yaxshilaydi. “Buxoro” futbol klubi shu stadionda o‘yinlarini o‘tkazadi. Bu yil jamoamiz Superligaga chiqdi. Endi nima qilaylik? To‘g‘ri, turizm rivojlanishi kerak, lekin bizda tayyor turistik shahar bor. Shuningdek, bu hududda motamsaro ona haykali mavjud. "Yashil makon" umummilliy harakati doirasida hududda bir yarim mingdan ortiq daraxtlar o‘tqazilgan. Daraxtlar nima bo‘ladi? Mayli, shu joyda turistik shahar qurishsin, lekin avval bizga boshqa yangi stadion qurib berishsin”, deydi murojaatchilardan biri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov 2022 yilning 30 dekabr kuni “Buxoro viloyatida amalga oshiriladigan keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari to‘g‘risida” yig‘ilish bayonini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, Buxoro shahridagi “Buxoro” sport majmuasi va unga tutash hududlar o‘rniga “Buxoro turizm markazi”ni barpo etish uchun 32,6 gektar yer ajratish va hududda joylashgan tashkilot va muassalarni boshqa joyga ko‘chirish belgilangan. Sayyohlik markazini “Enter Engineering” kompaniyasi jalb qilinadigan mablag‘lar hisobiga qurishi ko‘rsatilgan. Ushbu kompaniya Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” turistik markazini ham barpo etgandi.
Ma’lumot uchun, “Buxoro” stadioni 2002 yilda ochilgan. Stadion o‘z bag‘riga 23 mingga yaqin tomoshabinni sig‘dira oladi. Stadion sig‘imi bo‘yicha O‘zbekistonda 3-o‘rinda turadi.
LiveBarchasi