Twitter Maskni sudga berishga shaylandi
Olam
−
11 iyul 2022
4343Amerikaning Twitter kompaniyasi hafta boshida “Tesla” bosh direktori Ilon Mask ijtimoiy tarmoqni sotib olish bo‘yicha kelishuvdan chiqqani uchun Delaver shtati sudiga da’vo kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniyadagi manbalariga tayanib “Bloomberg” nashri xabar berdi.
Kompaniya direktorlar kengashi raisi Bret Teylorning aniqlik kiritishicha, Twitter kelishuvni bajarish uchun Maskni sudga beradi.
Kelishuvga ko‘ra, ikki taraflama shartnomani bekor qilish uchun “Tesla” rahbari Twitter’ga 1 milliard dollar to‘lashi kerak, ammo kompaniya vakillari bu imkoniyatdan voz kechib uni sotishga qaror qilgan deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Twitter rahbariyati sudda kompaniya manfaatlarini himoya qilish uchun “Wachtell, Lipton, Rosen & Katz” yuridik firmasi bilan shartnoma imzolagan.
Tadbirkorning advokati Mayk Ringler Maskning ijtimoiy tarmoqni sotib olishdan voz kechish qaroriga izoh bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Twitter kompaniyasi platformaning ishlashi to‘g‘risidagi so‘ralgan ma’lumotlarni berishdan bosh tortishi sabab Mask xariddan voz kechgan. Ularsiz sotib olishning maqsadga muvofiqligini tekshirish mumkin emasligi aytilmoqda.
“Tesla rahbari sotib olish to‘g‘risidagi bitimni bekor qilmoqda, chunki Twitter bitimning bir nechta bandlarini jiddiy ravishda buzmoqda, Ijtimoiy platforma eng muhim ma’lumotlarni aniqlash, to‘plash va oshkor qilishni osonlashtirishga qaratilgan batafsil tushuntirishlarga qaramay, Twitter Mask so‘ragan ma’lumotni deyarli ikki oy davomida taqdim etmadi”, degan advokat.
Bundan tashqari, “Maskda Twitter’dagi soxta yoki spam-akkauntlar soni 5 foizdan ancha yuqori ekkanligiga ishonish uchun asos bor” ligini ta’kidlagan kompaniya vakili.
Ta’kidlanishicha, Ilon Mask manfaatlarini “Quinn Emanuel Urquhart & Sullivan LLP” yuridik firmasi himoya qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Twitter 25 aprel kuni Maskning 44 milliard dollarlik taklifini qabul qilgandi. Biroq may oyi o‘rtalarida tadbirkor Twitter’dagi soxta akkauntlar bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritmagunicha, kelishuv to‘xtatilishini ma’lum qilgandi.
Abdulvohid Yoqubov
LiveBarchasi