To‘yida kaltak yegan kelin kuyovni kechirib, u bilan yashashda davom etmoqda – Senat
Jamiyat
−
17 iyun 2022
18562To‘y kuni turmush o‘rtog‘idan musht yegan kelin, kuyov bilan yarashib, hayotini davom ettirmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining holatga nisbatan bildirgan munosabatida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, Senatning Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 6 iyun kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi to‘yda sodir bo‘lgan holat bo‘yicha o‘rganish olib borgan.
“Voqea yuz berganidan keyin mahalladagi otaxon va onaxonlar, kelin-kuyovning yaqinlari ishtirokida voqea muhokama etilib, kuyovning qilmishi noto‘g‘ri bo‘lgani tanqid qilingan. Yigit qilmishidan pushaymon ekanligini aytib, kelindan kechirim so‘ragan. Shu kunning o‘zida kelin-kuyov yarashib ketgan, hozirgi paytda ular birga istiqomat qilmoqda”, deyiladi Senat bergan xabarda.
Bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Senatda xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari yuzasidan Ishchi guruh tashkil etilgan.
Senat a’zolari, Vazirlar Mahkamasi, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat ushbu Ishchi guruh tomonidan xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan nojo‘ya harakatlarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishga oid masalalar muhokama etib boriladi.
Ayni kunlarda Ishchi guruh tomonidan sohaga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, shu jumladan, jazo choralarini kuchaytirish yuzasidan qonun loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini, olimlar va mutaxassislar, yoshlar fikrlari o‘rganilib, takliflar yig‘ilmoqda.
“Oliy Majlis Senati Xotin qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ayollarga, qizlarga bo‘layotgan bunday zo‘ravonlik holatlarini keskin qoralaydi hamda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda noxush holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, zo‘ravonlik qilayotgan shaxslarga keskin choralar ko‘rish bo‘yicha ish olib borishni maqsad qilib qo‘ydi.
Shu bilan birga, “Yoshlarni mustaqil hayotga, oilaga tayyorlashda yosh avlod ongiga “Oila – muqaddas”, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat”, “Oila jamiyat va davlat himoyasida” va “Farovon oila – jamiyat ravnaqining asosi” g‘oyalarini singdirib borish, nikohlanuvchilarni oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratish eng muhim masalalardan ekanligini alohida ta’kidlaydi.
Shuningdek, nikohlanuvchi yoshlarga oilaviy qadriyatlarni saqlash, oilalarda sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirishda ko‘maklashish maqsadida to‘yga qadar ularni bir-birlarining fe’l-atvorlari, dunyoqarashi va fikrlashlarini yanada yaxshiroq bilishlari uchun Oila markazlari mashg‘ulotlari, davra suhbatlari, savol-javob kechalariga birgalikda jalb etish yo‘lga qo‘yiladi”, deyiladi Senat axborotida.
LiveBarchasi