“Tuya ko‘rdingmi – yo‘q!” Samarqandda mansabdorlar gaz quvurini teshib, ko‘mib yubordi
3-sahifa
−
24 yanvar 2023
31165Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida joylashgan “A.Sh.” korxonasi mansabdor shaxslari “Xonnazar” mahallasidagi xonadonlarni tabiiy gaz bilan ta’minlovchi yuqori bosimli gaz quvuriga shikast yetkazib, bu haqda tuman gaz ta’minoti xodimlarini xabardor qilmasdan quvurni ko‘mib ketgan.
Mazkur qoidabuzarlik Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qo‘shrabot tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlangan.
O‘rganishlar natijasida ushbu korxona mas’ullari davlat va jamiyat manfaatlariga 1,6 mlrd so‘m zarar yetkazgani fosh bo‘lgan.
“Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 255-2-moddasi (neft quvurlarini, gaz quvurlarini, neft va gaz mahsulotlari quvurlarini yaroqsiz holatga keltirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi Departament xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq respublikaning bir nechta tumanlarida tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulangan shaxslarga jinoyat ishi ochilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi