To‘y bo‘lsin-a, to‘y bo‘lsin
Tahlil
−
18 Sentabr 2019
27494Ishxonamizda ilgari ishlab ketgan yigit yaqinda kelib, salom-alikdan keyin to‘yiga aytgani kelganini bildirib, to‘y taklifnomasini qo‘limga tutqazib ketdi. Ha, endi o‘zbekning quvonchi to‘y bilan-da.
Nafis qog‘ozda ishlangan taklifnomada to‘yga taklif etilishdan boshqa ko‘z ilg‘amas gap borligini birdan anglab bo‘lmaydi. Kibor va hashamatga o‘chlik. Bunday taklifnomalarning turi judayam ko‘p. Lekin gap to‘y taklifnomasida emas, dabdabasi bilan mahallani, mamlakatni mahv etayotgan to‘ylarning o‘zi haqida bormoqda. Ikki yoshning turmush qurayotganining belgisi bo‘lgan to‘y marosimi o‘tkazib kelinadi. O‘tmishda ajdodlarimiz ham bu marosimga befarq bo‘lmaganini yozma manbalar tasdiqlab turibdi. Ammo o‘sha davrdagi to‘ylar xalqning tabaqalashuviga qarab o‘tkazilgan ekan. Sodda qilib aytganda, boyning to‘yi, kambag‘alning to‘yi degan tushuncha bo‘lgan.
XIX asrning oxiri XX asrning boshlariga kelib, mustamlaka o‘lkaga aylangan bugungi O‘zbekiston hududida to‘ylarni o‘tkazishda mustamlakachi millatning hamda mahalliy zodagon xalq vakillarining an’analari qorishib, dabdababozlik va isrofgarchiliklarga boy bo‘lgan to‘ylarni o‘tkazish urfga kirdi.
O‘sha davrda yashab o‘tgan millatning jonkuyar farzandi Mahmudxo‘ja Behbudiy to‘ylarga nisbatan shunday ta’rif bergan edi: “Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zaxmu maraznimi gumon etarsiz? Yoinki, sil, sil-ar-iya va maxavliknimi dersiz? Yo‘q, andan ham yamonroq va andan ham jonxarosh, bevoya, xonavayron va g‘arib etguvchi bir dard, biz — turkistoniylarni shahri va qishloqi yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizg‘acha istilo etib, butun tirikligimizg‘a sorilgon va bizni inqirozg‘a va tahlikag‘a va jahannamg‘a yumalataturgon to‘y, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman."
Darhaqiqat millat ma’rifatparvarning kuyunchaklik bilan aytgan bu so‘zlari 100 yil o‘tib ham dolzarbligini yo‘qotmadi. Bugun men sendan kam emasman deb, to‘yni kimo‘zar poygaga aylantirayotganlar ikki yoshning boshini qovushtirish bahona atrofdagilarga o‘zining molu davlatini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘layotgandek guyo.
Afsuski, ko‘cha-ko‘yda to‘y qilaman deb qarz bo‘lib qolgan, ancha vaqtgacha ro‘zg‘ori qiyin ahvolda tebratayotgan haqida eshitish yangilik emas. Ba’zan o‘ylab qolasan kishi, odamzod nahot o‘zi o‘ylab topgan mantiqsiz “qonun-qoidalar”ga, urf-odat deb atalmish keraksiz sarf-xarajatlarga shunchalik tobe bo‘lsa?
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda bir yilda o‘rtacha 300 ming atrofida to‘ylar o‘tkazilar ekan, ularning umumiy sarf-harajati qariyb 3 milliard AQSH dollarini tashkil etmoqda. Bu qay bir davlatning byudjeti degani. Aynan mana shu xarajatlarning taxminan 20 foizi davlat g‘aznasiga soliqlar orqali tushar ekan.
Biz to‘y o‘tkazishgacha bo‘lgan marosimlardagi xarajatlarni bu yerda hisob-kitob qilmadik. Ammo mamlakat hududlarida to‘y o‘tkazishgacha bo‘lgan marosimlar ham ortiqcha ekanini payqaysan kishi. Masalan poytaxtning o‘zida to‘yga qadar “sovg‘a berish”, “oq o‘rar”, “fotiha”, “to‘y yuborar” marosimlari o‘tkazish “an’ana”ga aylangan bo‘lsa, to‘ydan keyin “kelin salom”, “qovurdoq”, “challari”, “haftalik”, “chorlov” bilan davom etadi.
Mamlakatning boshqa hududlarida ham “kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” kabi “udumlar” o‘tkaziladi. Bundan tashqari, Farg‘ona vodiysida to‘ydan so‘ng qiz uzatgan xonadon kuyov tomonga 40 kun turli yeguliklar yuboradi. Andijonda buni “mazar” deyishadi. Xorazmda esa, “qiz yig‘in”, “xina yoqar” degan keraksiz marosimlar bor.
Yana bir jihat borki, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Afsuski, to‘y bo‘lgan joyda qachondir aza ham bo‘ladi. Sababi issiq jonmiz, hech kim dunyoga ustun bo‘lgan emas. Aza va dafn etish marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlar ham millatimizning qon-qoniga singib ketgan. Marhumlar hurmatiga “yetti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” kabi marosimlarni o‘tkazish muqaddas Islom dinida buyurilmagan.
Umuman bugun to‘y va marosimlarni tartibga solish, ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish borasidagi sa’y-harakatlar natija bermayotganini, targ‘ibotlardan keyin esa, aholi qatlamlari sarf-xarajatni qisqartirish o‘rniga buning aksini qilayogani, gapning indallosini aytganda, “ko‘rpaga qarab oyoq uzatilmayotgani”ning guvohi bo‘lamiz. Ish shu darajaga borib yetdiki, mazkur masala Davlat rahbarining ham e’tiborini tortdi.
Esingizda bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 3 avgust kuni mamlakatning ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda to‘y-ma’rakalardagi isrofgarchilik, dabdababozlik holatlarini tanqid qilgan edi.
“Joylarda bo‘layotgan uchrashuv va muloqotlarda ko‘p odamlar menga aytayapti, Virtual qabulxonaga yozyapti, “To‘y-ma’rakalarimizni bir tartibga solib beringlar”, deb murojaat qilyapti. Haqiqatan ham, ayni shu masala necha yillar, hatto, asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham to‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma’naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlarini yaxshi bilamiz.
Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar 50ga kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi.
Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning o‘sha yig‘ilishida to‘y va marosimlar haqida kuyunchaklik bilan aytgan bu gaplarida nechog‘li ahamiyatli ekanini kim o‘zarga o‘tkazilayotgan to‘y va marosimlarimiz isbotlab turibdi.
O‘shanda davlat rahbari O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati to‘y va marosimlarni tartibga solishga oid qaror qabul qilishini aytdi.
2018 yilning 30 martida Senatning tavsiyaviy ahamiyatdagi “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorda belgilangan vazifalarning samarali ijro etilishini ta’minlash maqsadida Senat Kengashining majlisida “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
Qaror bilan komissiyalarning namunaviy nizomi va ularning tarkibi ham tasdiqlandi.
Ammo... Lekin... Biroq...
Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida senatorlar to‘ylarni tartibga solish bo‘yicha taklif etilgan normalar xalqimizning milliy urf-odatlari, hududlarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishi borasida yagona, qat’iy normalar belgilanishi maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga keldi.
Xo‘sh nima uchun bunday xulosaga kelindi? Senatorlarning fikricha, oilaviy tadbirlarni milliy qadriyatlar asosida, kamxarj, dabdabalardan xoli o‘tkazishni keng jamoatchilik va har bir inson ongli ravishda anglab yetishi lozim ekan.
Agar buni keng jamoatchilik anglab yetsayu amaldor degani falonchining to‘yxonasiga buning zarari bor deb qolsa-chi? Bunda nima bo‘ladi? Albatta, manfaatlar to‘qnash keladi. Lekin bir narsani inkor qilib bo‘lmaydi. Amaldor degani faqat amal egasi emas, amal qiladi degani hamdir. Bugun qasrmonand qiyofadagi to‘yxonalarda oddiy aholi emas, aynan puldorlaru amaldorlar kim o‘zarga to‘y o‘tkazayotganini hammamiz yaxshi bilamiz. Buning ortida esa, men ham falonchidan kam bo‘lmasligim kerak, deb, qurbi yetsa-yetmasa katta to‘y qilayotgan oilalarni, to‘ylardagi o‘ylab topilgan ayrim dabdababozliklar aytaylik, love story’lar orqali nikohi bekor bo‘lib ketganlar ham bor.
Bugun to‘yxona egasi – tadbirkor. Uning qo‘l ostida o‘nlab odamlar tirikchilik qilyapti. To‘yda qancha ko‘p odam bo‘lsa, to‘yxona egasi shuncha daromad qiladi. Lekin to‘y o‘tkazayotgan to‘ychining o‘zi hayot faqat bir kunlik to‘ydan iborat emasligini anglab yetishi, to‘ylarni ixchamlashtiraylik deb turib, o‘zi gapiga qarshi borayotgan, dabdabali to‘y qilayotgan amaldorlar ham o‘ylab ko‘rishi kerak.
To‘g‘ri, to‘yni kim qanday o‘tkazishini demokratiya bilan bog‘laydigan, inson huquqlarini pesh qiladiganlar ham topiladi. Lekin bizga millatning va jamiyatning ongi yemirilishiga sabab bo‘ladigan bunday soxta demokratiya va huquqlarning keragi yo‘q.
Maqola yozilayotgan jarayonda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatidan xush xabar keldi. Unda aytilishcha, to‘ylarni ixchamlashtirish bo‘yicha qaor loyihasi Parlamentning har ikki palatasi tomonidan tasdiqdan o‘tibdi.
LiveBarchasi