“Tutqunlik” badiiy filmining namoyishi bo‘lib o‘tadi
Biznes
−
16 Oktabr 2021
8571Mamlakatimizning bir qator telekanallarida O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati ko‘magida suratga olingan “Tutqunlik” badiiy filmining namoyishi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu film “Buxoriylar” kinostudiyasida, taniqli rejissyor Rashid Malikov tomonidan real voqealar asosida suratga olingan.
“Yangi O‘zbekiston sharoitida inson sha’ni, qadr-qimmati, vijdon va e’tiqod erkinligi singari oliy qadriyatlarga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratila boshlandi. Bu o‘zgarishlar zamonaviy o‘zbek kinosida ham o‘z aksini topmoqda. Keyingi yillarda Agentlik buyurtmasiga binoan, shu mavzuda “Ayol qismati”, “Men terrorchi emasman”, “Baron-2”, “Afv” singari qator filmlar suratga olindi.
Shu yo‘nalishdagi “Tutqunlik” badiiy filmida Prezidentimiz topshirig‘iga asosan amalga oshirilgan “Mehr” operatsiyasining mazmun-mohiyati, inson qadr-qimmati, Vatan sog‘inchi, tinchlik va farovonlikning qanchalik bebaho ne’mat ekanligi haqida so‘z yuritiladi. Tutqunlik” filmining taqdimoti shu paytga qadar bir necha bor turli doiralarda o‘tkazildi. Jumladan, joriy yilning 28 sentyabr – 3 oktyabr kunlari o‘tkazilgan “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivalida xorijiy kino jamoatchiligi tomonidan alohida e’tiirof etildi. Biz ijtimoiy ahamiyatini e’tiborga olib, mazkur filmni telekanallarimiz orqali xalqimizga tuhfa etyapmiz”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi rahbari, filmning bosh prodyuseri Firdavs Abduxoliqov.
“Biz ushbu filmni suratga olishdan avval juda ko‘p ma’lumotlar to‘pladik, “Mehr” operatsiyasi tufayli O‘zbekistonga olib kelingan ayollar bilan suhbatlashdik, ularning taqdiri, ruhiyati, xarakterini chuqur o‘rgandik. Ularni noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan jinoyatchi emas, oddiy inson, ayol sifatida ko‘rsatishga harakat qildik. Shu bois, tomoshabinlar bu filmni shunchaki kino emas, bugungi hayotimiznning aks-sadosi, taqdir zarbasiga duch kelgan zamondoshlarimiz qismatining ekrandagi ifodasi deb qabul qilishlarini so‘rardim”, deydi film rejissyori Rashid Malikov.
Ta’kidlash joizki, “Mehr” operatsiyalari doirasida 2019 yilning may oyidan boshlab, Yaqin Sharqdagi urush o‘choqlaridan 531 nafar hamyurtimiz O‘zbekistonga qaytarildi.
Film ssenariyi mualliflari – Azamat Korjovov va Rashid Malikov, operator – Aleksey Venzos, postanovkachi rassom – Doniyor Abdurahmonov. Bosh rollarni Nigina Anorboyeva, Firdavs Oripov, Feruza Sobitova, Gleb Gollender, Laylo Farruxova, Dilshoda Jo‘rayeva singari aktyor va aktrisalar ijro eishgan.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlarini yoritishga ko‘maklashish maqsadida O‘zEOAVMA, “Yuksalish” umummilliy harakati va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil qilingan “Xalqaro media xoll”da mazkur film taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Taqdimot marosimida “Media xoll” ishtirokchilari, talabalar va kursantlar ishtirok etadi.
“Tutqunlik” badiiy filmi 16 oktyabr kuni soat 21:30 da “Uzreport” telekanalida, 17 oktyabr kuni soat 22:20 da “Sevimli TV”da, soat 14:15 da “Zo‘rTV”da, soat 15:00 da “Mening yurtim” telekanalida, soat 20:30 da “RenessansTV”da, 18 oktyabr soat 12:00 da “Renessans TV”da namoyish qilinadi.
Reklama huquqi asosida.
LiveBarchasi