Tushkunlikdan xalos etuvchi samarali vosita

Foydali

image

Issiq kunda muzdekkina muzqaymoq tanavvul qilish tanamizga rohat bag‘ishlashi bilan birga, kayfiyatimizni ham ko‘taradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha muzqaymoq stress (ruhiy zo‘riqish)dan xalos etuvchi ajoyib yegulik hisoblanar ekan. Shuning uchun bo‘lsa kerak ko‘pchiligimiz muzqaymoq yeyishni hush ko‘ramiz. 

Rohatijon muzqaymoq tarkibida organizmda kechadigan moddalar almashinuvi jarayonlarida muhim bo‘lgan aminokislotalar, yog‘ kislotalari, 20 ga yaqin vitaminlar, ko‘plab mineral tuzlar va muhim fermentlar bor. Shuning uchun u uyqusizlikdan xalos etadi balki miyani oziqlantiradi ham. Agarda u tabiiy sutdan tayyorlangan bo‘lsa shifobaxsh xususiyati juda yuqori bo‘ladi. Muzqaymoqning eng foydali jihatlaridan biri – bu organizmimizga sut o‘zining eng foydali komponentlari bilan kirib borishidadir. 

Muzqaymoqni oz-ozdan iste’mol qilib turish nafas yo‘llarini sovuq haroratga o‘rgatib borishga yordam beradi. Buning natijasida esa tomoq og‘rig‘iga qarshi immunitet hosil bo‘ladi. Muzqaymoq yuqori kaloriyali mahsulot bo‘lganligi tufayli u ochlikni bosadigan yaxshi ozuqa hamdir. Tez-tez burni qonab turadigan bemorlarga ham muzqaymoq yaxshi samara beradi. 

“Asalning ham ozi shirin”, deganlaridek muzqaymoqni iste’mol qilishda ham bir nechta qarshi ko‘rsatmalar mavjud. Angina (bodomcha bezlari yallig‘lanishi), sut mahsulotlarini hazm qilolmaslik kabi xastalikka chalingan, faringit, ortiqcha vazn, surunkali o‘tkir gastrit muammolarida muzqaymoq iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Tish kariyesida muzqaymoqning salbiy ta’siri yo‘q. Uni iste’mol qilganda og‘iz bo‘shlig‘ini iliq suv bilan chayish kifoya. 

Muzqaymoq tarkibidagi tez singadigan shakar qonda glyukoza miqdorini oshirib yuboradi. Shuning uchun qandli diabet xastaligiga chalingan bemorlar bundan o‘zlarini tiyganlari ayni muddao. Sog‘lom kishilar muzqaymoqni iste’mol qilishda me’yorni bilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, muzqaymoqni haftada uch marta iste’mol qilish mumkin. Shuningdek, hafta davomida tanovul qilingan 150 gramm muzqaymoqning hech qanday nojo‘ya ta’siri bo‘lmaydi. 

Muzqaymoqni iste’mol qilishdan avval uning tarkibi (ingridiyenti) hamda qog‘oz o‘ramiga e’tibor berish lozim. Ko‘pgina parhezshunos – diyetologlar qulupnay, limon va boshqa turdagi mevali muzqaymoqlarni ko‘p iste’mol qilmaslikni tavsiya etishmoqda. Zero, uning tarkibida sun’iy qo‘shimchalar va mevali essensiya mavjud. Muzqaymoqni muntazam iste’mol qilish bosh og‘rig‘iga ham sababchi bo‘lishi mumkin. 

Olimlarning ta’kidlashicha, muzqaymoqni shoshib iste’mol qilish tana haroratini tezda tushiradi. Qon tomirlarni toraytiradi. Natijada miyaga qon kam miqdorda yetib boradi. Bu esa bosh og‘rig‘iga sababchi bo‘ladi.

Muzqaymoq uch yoshdan kichik bolalarga berilmagani ma’qul. Sababi bola organizmi qaymoqli va yog‘li desertni hazm qilishda qiynaladi. Turli allergik ta’sirlardan saqlanish uchun bolalarga qaymoqli muzqaymoq ma’qul. 

Shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra muzqaymoqni kechki ovqatdan yarim soat oldin yoki tushlikda bergan ma’qul. Qandli diabet bilan og‘rigan, allergik kasallikka chalingan, semizlikka moyil, lor(tomoq, quloq, burun sohasi) xastaliklari bilan og‘rigan bolalarga muzqaymoq yeyish tavsiya etilmaydi.

Zarnigor Abdumalikova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

24

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing