Prezident Mirziyoyev Turkmanboshi shahriga tashrif buyurdi

Jamiyat

image

Bugun, 5 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Turkmanboshi shahriga tashrif buyurdi.

Davlat rahbarini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari Esenmurat Orazgeldiyev va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Avval xabar berilganidek, ertaga, 6 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida ishtirok etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi. U barcha qo‘shni mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, birinchi sammit 2018 yil mart oyida Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida o‘tkazilgan edi. Ikkinchisi esa 2019 yil noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi.

Navbatdagi sammitda, avvalo, ilgari erishilgan kelishuvlarning natijalari ko‘rib chiqiladi. Mintaqada barqaror va izchil taraqqiyotni ta’minlash, savdoni rivojlantirish, energetika sohasida sheriklik uchun qulay sharoitlar yaratish, transport-kommunikatsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish, pandemiyaga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilinadi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va ko‘mak munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surishi, umumiy manfaatlarga asoslangan mintaqaviy hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini bayon etishi kutilmoqda.

Sammit doirasida Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti va Iqtisodiy forum, milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, milliy taomlar festivali hamda san’at ustalari konserti ham o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

182

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing