Turkiyaning “halol turizm” yo‘nalishidagi tajribasi Toshkentda namoyish qilindi
Jamiyat
−
26 fevral 2020
4498“Halol turizm” nima? Kecha, 25 fevral kuni “Ortadogu Grup” kompaniyasi tomonidan poytaxt Toshkentda “Halol turizm yo‘nalishida tajriba almashinuvi, hamkorlik va istiqbolli harakat mavzu”sida o‘tkazilgan anjumanda shu haqda so‘z bordi. Unda o‘zbekistonlik turizm agentlari va soha mutaxassislari, dinshunos va turkshunos olimlar, OAV xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekistonga shu kecha kunduzda kirib kelayotgan “halol” yorliqli oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlarga qiziqish kun sayin ortib bormoqda. Yaqin-yaqindan mintaqamizda turizm sohasida ham “Halol turizm” atamasi qo‘llanila boshladi.
Butun jahonda islom diniga e’tiqod qiluvchi 1,8 milliard aholi istiqomat qiladi, shundan qariyb 150 millioni har yili sayohatga chiqadi.
“Halol turizm” – bu oilaviy hordiq chiqarish, hamyonbop turar joylarda tunab, sifatli, ozoda ovqatlanish shoxobchalarida taomlanish. Kamchiqimlikni xush ko‘ruvchi va isrofdan o‘zini tiyadigan kishilar uchun yaratilgan xizmatdir.
O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, ayniqsa, ziyorat turizmi salohiyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston rahbari o‘z chiqishlarida bir necha bor turizmni rivojlantirish borasida Turkiya amaliyotidan foydalanish haqida gapirgan edi.
2019 yilda “Halol turizm” bo‘yicha “Crescent Rating” tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingda O‘zbekiston 18-pog‘onani egallagan. Birinchi o‘ntalikdan esa Malayziya, Indoneziya, Marokash va Turkiya mamlakatlari o‘rin olgan.
Ham tarixiy, ham til va madaniyat jihatidan O‘zbekistonga eng yaqin mamlakat Turkiyadir. Shu bois yiliga minglab o‘zbekistonlik sayyohlar bu ko‘hna mamlakatga safar uyushtiradilar. Turkiyada turizm mintaqadagi boshqa davlatlarga qaraganda ancha rivojlangan, ayniqsa, “halol turizm”.
40 yildan buyon nafaqat Turkiya, balki dunyoning turli mamlakatlarida ko‘plab sohalarda yirik loyihalarni amalga oshirib kelayotgan “Ortadogu Grup” kompaniyasi “Halol turizm” standartlariga to‘la javob beradigan “Wome Deluxe” oilaviy mehmonxonasi va “Nisantasi” shifoxonasi xizmatlari bilan tilga tushgan. Toshkentda bo‘lib o‘tgan tajriba almashinuvida ushbu mehmonxona va shifoxonaning faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Xo‘sh, nega aynan “Wome Deluxe”?
Antaliya shahrida joylashgan mehmonxona va shifoxonada yuqorida sanab o‘tilgan jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu mehmonxona 2015 yilda bunyod etilgan bo‘lib, Turkiyada “halol turizm” standartlariga javob beruvchi birinchi mehmonxona sifatida e’tirof etilgan. Mehmonxona birgina 2017 yilning 365 kuni davomida tanaffussiz 255 ming kishiga xizmat ko‘rsatgan.
Unda erkaklar va ayollar uchun alohida hovuzlar, oilaviy hordiq chiqarish ob’ektlari, bolalar uchun o‘yingohlar, mavjud va bu amaliyotni O‘zbekistonda qo‘llash mamlakat turizmi uchun katta foyda keltiradi. O‘zbekistonga bo‘layotgan qiziqish, sayyohlar oqimining asosiy qismi musulmon mamlakatlaridanligini hisobga olsak, “halol turizm”ni rivojlantirish mamlakatning kelgusidagi turizm salohiyati uchun muhim ahamiyatga ega.
“Prezidentlar Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida kuni kecha o‘tkazilgan uchrashuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Qardoshlik aloqalarini yanada mustahkamladi. O‘zbekistonliklar Turkiya shaharlari Istanbul, Antaliya va Bodrumni qanchalik yaxshi ko‘rsalar, Turkiyada ham Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlaringizni sevuvchilar millionlab topiladi. Biz O‘zbekistonni otayurtimiz deb bilamiz va uning turizm sohasida ham rivojlanishiga o‘z hissamizni qo‘shish istagimiz bor. Shu bois O‘zbekistonga shunchaki yig‘ilish o‘tkazgani emas, balki o‘z amaliyotimizni tanishtirgani, tajriba almashgani keldik”, deydi “Ortadogu Grup” kompaniyasi vakili Masud Menderes Karabog‘a.
Taqdimotda o‘zbekistonlik turoperatorlar va turizm sohasi mutaxassislari bilan fikr va tajriba almashildi. O‘zbekistonda ham ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan mehmonxonalarni ochish bo‘yicha ish olib borilayotgani aytildi.
LiveBarchasi