Zilzila Turkiya uchun yangilik emas. Tarix takrorlandimi?
Tahlil
−
07 fevral 2023
31805Joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyada sodir bo‘lgan juda kuchli zilzila dunyo hamjamiyatini larzaga soldi. Qurbonlar sonining ortib borayotgani, boshpanasiz qolgan fuqarolarning ahvoli, mamlakat iqtisodiy holatining keskin pasayishi boshqa davlatlar uchun ham achinarli holatga aylandi. Zilzila dunyoning boshqa hududlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Xususan, Suriya, Afg‘oniston, Qozog‘istonda yer qimirlashlari kuzatildi.
Aslida Turkiya tarixi zilzilarga boy bo‘lgan. Turkiya seysmik nuqtai nazardan juda faol hudud hisoblanadi. Mintaqada muntazam ravishda kuchli zilzilalar sodir bo‘lib turadi. Ularning aksariyati ommaviy qurbonlar va vayronagarchiliklarga sabab bo‘ladi.
QALAMPIR.UZ Turkiyada sodir bo‘lgan baland magnitudali zilzilalar haqida batafsil ma’lumotlarni to‘pladi. Ta’kidlash joiz, shu yilning 6 fevral kunidagi yer qimirlashi 1939 yildan beri eng kuchlisi bo‘ldi.
1939 yil, Arzinjon – 7,9 ball
XX asrdagi eng kuchli yer silkinishi Arzinjon viloyatida 1939 yil 26 dekabrda sodir bo‘lgan. Zilzila magnitudasi Rixter shkalasi bo‘yicha 7,9 ballni tashkil qilgan. Buning oqibatida qurbonlar soni 32 962 kishini, jarohatlanganlar esa qariyb 100 ming nafarni tashkil qilgan. Tabiiy ofat tufayli 116 720 ta uy vayron bo‘lgan. Zilziladan so‘ng mamlakatda havo haroratining keskin pasayishi kuzatilgan, boshpanasiz odamlar qattiq sovuqdan nobud bo‘lgan.
1992 yil, Arzinjon – 6,7 ball
1992 yil 13 mart kuni mahalliy vaqt bilan 17:00 da Turkiyaning yana o‘sha viloyati – Arzinjonda 6,7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila epimarkazi Arzinjon yaqinida joylashgan bo‘lib, bu yerda 100 mingdan ortiq odam istiqomat qilgan. Zilzila oqibatida 498 kishi halok bo‘lib, taxminan 2000 kishi yaralangan.
Shuningdek, 150 ta bino vayron bo‘lgan, 8000 dan ortiq uy zarar ko‘rgan. Vayronagarchilik ko‘lami katta bo‘lgani uchun Turkiya qutqaruv ishlarini olib borishda xorijiy davlatlardan yordam so‘ragan. Rossiya Federatsiyasi hukumati chaqiruvga birinchilardan bo‘lib javob bergan va qutqaruvchilarni Turkiyaga yuborishni buyurgan.
1995 yil, Dinor – 6,2
1995 yil 1 oktyabrda Dinor viloyatida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila mahalliy vaqt bilan soat 15:57 da yuz bergan. Gipomarkaz 33 kilometr chuqurlikda edi. Bu davrda Turkiyada siyosiy beqarorlik yuzaga kelgandi, bundan atigi 11 kun oldin davlat sektori xodimlarining yirik ish tashlashlari bo‘lib o‘tgan. 1 oktyabrdagi zilziladan oldin 5,1 magnitudali bir qator kichik zarbalar sodir bo‘lgan, oxirgisi 26 sentyabrda kuzatilgan.
Bu mahalliy aholini o‘z uylaridan tashqarida uxlashni tanlashiga olib kelgan va 1 oktyabrdagi eng katta zarba paytida qurbonlar va jarohatlar kamroq bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Zilzila oqibatida 90 kishi halok bo‘ldi, 200 dan ortiq kishi jarohatlandi. Jami 2473 ta uy jiddiy, 1218 ta uy o‘rtacha va 2076 ta uy yengil zarar ko‘rgan. Turkiya hukumati zilzila qurbonlari uchun 5000 ta yangi uy qurgan.
1999 yil, Izmit shahri – 7,6 ball
1999 yil 17 avgust kuni Turkiyaning g‘arbiy qismi, Goljuk shahri yaqinida mahalliy vaqt bilan 03:01 da kuchli zilzila kuzatilgan. U 37 soniya davom etgan bo‘lsada, juda katta talafotlarga sabab bo‘lgan.
Zilzila sodir bo‘lgan hududda chuqurligi 100 kilometrdan ortiq bo‘lgan tektonik yorilish yuzaga kelgan, ba’zi joylarda yo‘l va daraxtlar 5,2 metr masofaga siljigan. Qurbonlar soni 18 373 tani tashkil etgan, 48 901 kishi yaralangan, 600 000 ga yaqini boshpanasiz qolgan. Zilzila mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir qilgan.
Tabiiy ofat oqibatida 120 mingga yaqin binoga zarar yetgan, bir necha zavodlar vayron bo‘lgan, mahalliy neftni qayta ishlash zavodida yong‘in sodir bo‘lgan. Fojia oqibatida ko‘rilgan talafotlarni bartaraf etish uchun Turkiyaga dunyoning 12 davlati tomonidan yordam ko‘rsatilgan.
2010 yil, Elazig shahri – 6 ball
2010 yil 8 mart kuni ertalab Turkiyaning Elazig shahri yaqinida yer silkinishi bo‘lgan. Zilzila chuqurligi 10 km masofada joylashgan. Elazig provinsiyasida sodir bo‘lgan birinchi zilziladan so‘ng kun davomida 40 dan ortiq yer silkinishlari qayd etilgan, jumladan, uchtasi 5,5, 5,1 va 5,3 magnitudaga teng bo‘lgan. Zilzila oqibatida kamida 57 kishi halok bo‘lgan, 100 ga yaqin kishi jarohatlangan.
O‘sha kuni Rixter shkalasi bo‘yicha 6,0 magnitudali zilzila mahalliy vaqt bilan soat 07:47 da sodir bo‘ldi. Elazig provinsiyasida (Anqaradan 550 km sharqda) zilzila markazidan 30-45 km uzoqlikda joylashgan oltita qishloq deyarli butunlay vayron bo‘lgan. Bu mintaqa turistik marshrutlardan uzoqda, u yerda qurilish me’yorlari bilan bog‘liq katta muammolar mavjud edi.
Tosh va yog‘ochdan yasalgan uylar xarobaga aylangan, faqat mintaqaning seysmik faolligini hisobga olgan holda qurilgan masjidlar saqlanib qolgan.
2011 yil, Van shahri – 7,1 ball
2011 yil 23 oktyabrda mahalliy vaqt bilan soat 13:41 da Van shahri yaqinida 7,1 magnitudali yer qimirlashi ro‘y bergan. Uning qurbonlari 604 kishini tashkil etgan. Zilzila gipomarkazi 16 km chuqurlikda bo‘lgan. Tabiiy ofat oqibatida 600 mingdan ortiq kishi boshpanasiz qolgan. Shu yili 30 dan ortiq davlat Turkiyaga ko‘mak bergan.
Asosiy silkinishdan bir necha daqiqa o‘tgach, Van shahri yaqinida yana 4-5 magnitudali zilzilalar kuzatilgan. Bir kun so‘ngra, ya’ni 24 oktyabr kuni yana 6 magnitudali yer silkinishi qayd etilgan. Umuman olganda, turli magnitudaga ega zilzilalar yana bir necha kun yuz berib turgan – 30 oktyabrda navbatdagi zilzila magnitudasi 5,3 ni tashkil etgan.
Turkiyaning Van shahrida ro‘y bergan zilzila asoratlari Armanistonda, xususan Yerevan shahrida ham yaqqol sezilgan, odamlar vahima ichida kuchli silkinishdan binolarni tark etgan. Uyali aloqa ham uzilgan.
2011 yilning 9 noyabrida ushbu hududda zilzilalar yana takrorlangan. Zilzila epimarkazi Van shahridan 15 km uzoqlikda joylashgan. Oqibatda 25 ta bino qulab tushgan, 50 dan ortiq odam vayronalar ostida qolgan, zilzila qurbonlari soni 30 kishiga yetgan, qurbonlar orasida jurnalistlar ham bo‘lgan.
2020 yil, Elazig viloyatida
Turkiya sharqidagi Elazig viloyatida 2020 yilning 24 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:55 da 6,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘lgan. Tebranishlar gipomarkazi Sivrije shahri yaqinida 11,9 km chuqurlikda joylashgan. Zilzila qo‘shni Diyorbakir, Malatya, Adiyaman va Samsun viloyatlarida ham sezilgan. Uning davomiyligi taxminan 40 soniyani tashkil qilgan. Yerosti silkinishlarining magnitudasi 5,4 dan 3,3 gacha bo‘lgan. Yer silkinishlari Isroil, Suriya, Eron, Iroq, Livan, Albaniya va Gruziyada ham sezilgan.
Zilziladan keyin bir necha kun ichida magnitudasi 1,8 dan 5,4 gacha bo‘lgan 1077 ta yer silkinishi sodir bo‘ldi, ulardan 13 tasi 4,0 baldan yuqori edi.
Dastlab Elazig viloyatida beshga yaqin, Malatya viloyatining Do‘g‘anyo‘l tumanida yana 25 ta uy qulagani haqida xabar berilgan. Zilziladan keyin minglab turkiyaliklar xavf va binolarning qulashi sababli tunni ko‘chada o‘tkazgan.
Zilzila oqibatida 72 ta bino vayron bo‘lgan, 514 tasi jiddiy zarar ko‘rgan, 409 tasi esa yengil yoki o‘rtacha shikastlangani aniqlangan.
Hodisa paytida Elazig viloyatida 400 mingga yaqin odam yashagan. 41 kishi halok bo‘lgan, 1607 nafar shaxs tan jarohati olgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan 45 kishini olib chiqqan.
Umida Imomxo‘jayeva
LiveBarchasi