Turkiyaga arabcha azonni qaytargan Bosh vazirning osilganiga 60 yil to‘ldi
Tahlil
−
17 Sentabr 2021
51675Turkiya tarixiga nazar tashlasak ko‘plab harbiy to‘ntarishlarni ko‘rishimiz mumkin. 1960 yilning 27 may, 1971 yilning 12 mart, 1980 yilning 12 sentyabr, 1997 yilning 28 fevral va 2007 yilning 27 aprel kuni harbiylar tomonidan mavjud hokimiyatga qarshi amalga oshirilgan to‘ntarishlar shular jumlasidan. 1960 yil 25 may kuni Turkiyada general Kamal Gursel boshchiligidagi harbiy to‘ntarish natijasida hukumat rahbari Adnan Menderes hokimiyatdan ag‘dariladi va hibsga olinadi. Turkiya harbiy sudi mamlakatni G‘arb davlatlari bilan yaqinlashtirib, iqtisodni rivojlantirgan Menderesni o‘lim jazosiga hukm qildi. Adnan Menderes sud hukmi bilan 1961 yil 17 sentyabr kuni osib o‘ldiriladi. Xo‘sh, 60 yil oldin Turkiyada bo‘lib o‘tgan harbiy inqilob vaqtida Adnan Menderes nima uchun yo‘q qilingan? Bugungi maqolamizda 1950-1960 yillarda Turkiya Bosh vaziri lavozimida ish olib borgan Adnan Menderes haqida ma’lumot beramiz.
Menderesning siyosiy faoliyati
Ali Adnan Ertekin Menderes 1899 yil Turkiya g‘arbidagi Aydin shahrida tug‘ilgan. Uning yoshligi haqida ma’lumotlar kam. U o‘zining siyosiy faoliyatini 1944 yilda boshlagan. Menderes o‘sha yili mamlakatdagi Jalol Bayar boshchiligidagi muxolif Turkiya Demokratik partiyasiga qo‘shiladi. Ammo, Menderes partiya liderlari bilan kelisha olmasdan 1944 yilning sentyabr oyida bu harakat a’zoligidan chiqadi. 1950 yilgi Turkiya Prezidentlik saylovida demokratik partiya rahbari Jalol Bayar 63 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Yangi Prezident Jalol Bayar kutilmaganda Adnan Menderesni mamlakat Bosh vaziri etib tayinladi. Ko‘pchilik bu vazifada boshqa insonni kutgan edi.
Adnan Menderes Turkiyaning o‘n to‘qqizinchi hukumatini tuzdi. Yangi hukumat 1950 yil 22 may kuni o‘z faoliyatini boshladi. Menderes 10 yil Bosh vazirligi davrida (1950-1960) Turkiyaning ichki va tashqi siyosatida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan Menderes hukumatining birinchi harakati, amaldagi prezidentning suratini tangalarga bosib chiqarishni bekor qilib, uning o‘rniga Mustafo Kamol Otaturkning rasmlarini chop ettirdi. Keyinchalik, Menderes azonni turk tilida o‘qilishini to‘xtatib, arab tilida o‘qishga ruxsat berdi. 1950 yil 6 iyunda bu o‘zgarishlarga qarshi harbiy to‘ntarish bo‘lib o‘tdi. Ammo bu inqilob amalga oshmadi. To‘ntarishni rejalashtirgan 15 ta general va 150 ta polkovnik qo‘lga olinib, iste’foga chiqarildi.
Menderes yuritgan tashqi siyosat
Menderes Bosh vazirligi davrida (1950-1960) Turkiya iqtisodiyoti sekin-asta oyoqqa tura boshlaydi. U G‘arb davlatlari bilan yaxshi aloqa o‘rnatdi. AQSH va Buyuk Britaniyaning ishbilarmon doiralari bilan yaxshi aloqada bo‘lgan Adnan Menderes ushbu mamlakatlar yordamida Turkiya iqtisodiyotiga, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni olib kirdi. 1951 yil Menderes hukumati Koreya urushida Birlashgan Millatlar Tashkilotining qo‘shinlari safiga Turkiyaning qo‘shilishi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu esa o‘z navbatida “Sovuq urush” davrida Turkiyani G‘arb tarafida ekanligini anglatar edi. 1947 yilda AQSH hukumati “Trumen doktrinasi”ga muvofiq o‘rta masofadagi ballistik raketalarini Turkiya hududiga joylashtirdi. Marshall rejasiga ko‘ra, AQSH Turkiyaga 2,5 milliard dollar miqdorida qarz berdi. Bu qarz Turkiya iqtisodiyotini gullab yashnashi uchun zamin yaratdi. 1952 yilda Turkiya NATOning to‘laqonli a’zosi sifatida harbiy blokka qabul qilindi.
Turkiyaning rivojlanishi
1950-1954 yillarda Turkiya iqtisodiyoti yuksala boshladi. Bu davrga kelib, Turkiyaning bozor iqtisodiyotiga o‘tishi tezlashdi. Chet el kompaniyalariga mamlakatda neft izlash va qazib chiqarishga ruxsat berildi. Menderes hukumati xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish to‘g‘risida qonun qabul qiladi. Tashqi kreditlar asosan qishloq xo‘jaligini oyoqqa turg‘azish uchun sarflandi. 1954 yilda Turkiya yalpi milliy mahsuloti yiliga o‘rtacha 9 foizga o‘sdi.
1954 yilgi saylovda Turkiya Demokratik partiyasi g‘alaba qozondi. Menderes Bosh vazir lavozimida qoldi.
1958 yilgi inqiroz
1958 yildan boshlab, Menderes hukumati tashqi olingan qarzlarni qaytarishda qiyinchiliklarga duch kela boshladi. Ayni o‘sha yili mamlakat tarixidagi eng yuqori devalvatsiya (milliy pul birligini xalqaro chet el valyutasiga nisbatan pasaytirilishi) kuzatildi. Bir dollar, ikki liradan, to‘qqiz liraga ko‘tarildi. 1958 yilda Turkiya 600 million dollarlik tashqi qarzini to‘lay olmasligini e’lon qildi. Menderes tashqi kuchlarga bog‘liq ekanligi uchun ko‘p tanqidga uchradi. Ko‘plab zavod fabrikalar yopildi. Shunday sharoitda Turkiyada inqilob uchun qulay muhit yuzaga kela boshladi.
Harbiy inqilob
1960 yil 25 may kuni general Kamal Gursel boshchiligidagi harbiy to‘ntarish natijasida Bosh vazir Menderes hokimiyatdan ag‘darildi va u bilan birgalikda 453 nafar turli darajadagi amaldorlar ham hibsga olindi. 1960 yilning oktyabr oyida Adnan Menderes va qo‘lga olingan 453 shaxsga nisbatdan sud jarayoni boshlanadi.
To‘qqiz oy davom etgan harbiy sud 14 kishini oliy jazoga, 31 kishini umrbod qamoq jazosiga, 418 mahbusni 6 oydan 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qildi. Menderes Turkiya Jinoyat kodeksining deyarli barcha bandlari bilan ayblangan. O‘sha vaqtda, Pokiston Prezidenti Muhammad Ayub Xon, Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviy, AQSH Prezidenti Jon Kennedi, Fransiya Prezidenti Sharl de Goll, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Germaniya kansleri Konrad Adenauer Turkiya hukumatiga sud hukmini bekor qilish uchun maktublar yozishgan. Lekin, bu murojaatlarga qaramay Turkiya harbiy sudi 1961 yilning 17 sentyabrida Menderesni o‘lim jazosiga hukm qiladi. Adnan Menderes sud hukmi bilan Imral orolida tushdan so‘ng, soat 13:21 da osib o‘ldiriladi.
LiveBarchasi