Turkiyadagi zilzilada 76 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda
Olam
−
06 fevral 2023
8099Avval xabar berganimizdek, Turkiya janubi-sharqida 7,4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, uning oqibatida 7 viloyatda 76 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 440 kishi jarohatlangan. Bu haqda Mamlakat Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tayanib, “TRT Haber” ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, ko‘plab shaharlarda sezilgan zilzila 30 soniyadan ortiq davom etgan. Zilzila yerdan 7 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan.
Shanliurfa gubernatori Solih Ayhan, zilziladan keyin bergan dastlabki bayonotida:
“18 nafar fuqaromiz halok bo‘ldi, 67 nafar fuqaromiz tan jarohati oldi”, deya ma’lum qilgan.
Shuningdek, gubernator Ayhan, zilziladan 19 ta bino zarar ko‘rganini aytdi.
Diyarbakirda esa 6 kishi hayotdan ko‘z yumgani aytilmoqda.
Diyarbakir gubernatori Ali Ixsan Su “TRT News” telekanalida mehmon bo‘lib, quyidagi bayonotlarni berdi:
“Zilzila oqibatida yettita bino qulab tushdi. Barcha guruhlarimiz hududda. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. 6 nafar fuqaromiz hayotdan ko‘z yumdi, ulardan 79 nafari tan jarohati oldi. Ular, umuman olganda, yengil tan jarohati olgan. 12 nafar fuqaromiz vayronalar ostidan chiqarildi”.
Ayni paytda qutqaruv ishlari davom etmoqda. Qurbonlar va jarohatlanganlar soni ortishi mumkin.
LiveBarchasi