Turkiyada jurnalist Erdo‘g‘anni haqorat qilishda ayblanib, qamoqqa olindi
Olam
−
23 yanvar 2022
9795
Turkiyalik jurnalist Sedef Kabash Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anni haqorat qilganlikda ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Jurnalist kecha, 22 yanvar kuni Istanbulda hibsga olingan va sud jarayonidan oldin qamab qo‘yilgan.
Sedef Kabash muxolifatga aloqador telekanaldagi jonli efirda aytgan maqoli bilan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anni nishonga olganlikda ayblanmoqda. Jurnalistning o‘zi ayblovni rad etgan.
"Toj kiygan dono bo‘ladi" degan naql bor, lekin bu haqiqat emasligini ko‘rib turibmiz. Aksincha, toj kiygan "mol" bo‘lsa, saroy og‘ilxonaga aylanadi”, degan jurnalist telekanaldagi chiqishi chog‘ida.
Keyinchalik u iqtibosni Twitter'dagi sahifasiga ham joylashtirgan.
Prezidentning Matbuot kotibi Fahrettin Altun uning izohlarini “mas’uliyatsizlik” deb baholagan.
“Jurnalist degan shaxs nafrat tarqatishdan boshqa maqsadi bo‘lmagan telekanalda Prezidentimizni ochiqdan-ochiq haqorat qilmoqda”, deb yozgan u Twitter'dagi sahifasiga.
Telekanalning bosh muharriri Merdan Yanardag Sedef Kabashning hibsga olinishini tanqid qilgan.
“Uning tunda, soat 02:00 da maqol tufayli hibsga olinishini shunchaki qabul qilib bo‘lmaydi. Bu pozitsiya jurnalistlarni, ommaviy axborot vositalarini va jamiyatni qo‘rqitishga urinishdir", degan u.
Agar sudda ayblov o‘z tasdig‘ini topsa, jurnalist xonim bir yildan to‘rt yilgacha qamalishi mumkin.
"Reuters" nashriga ko‘ra, Prezident Erdo‘g‘an 2014 yilning avgustida Turkiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylangan Birinchi Prezidenti bo‘lgan. Saylovga qadar 11 yil Bosh vazir lavozimida ishlagan.
Erdo‘g‘an Prezident bo‘lganidan beri minglab odamlar uni haqorat qilganlikda ayblangan.
Xususan, 2020 yilda ayblov bilan bog‘liq 31 mingdan ortiq tergov qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi