Turkiyada “O‘zbekiston” turar joy majmuasi ochildi

Jamiyat

image

Kecha, 29 yanvar kuni Anqara shahriga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Hatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan barpo etilgan  “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Shavkat Mirziyoyev uch yil oldin sodir bo‘lgan vayronkor zilzila qardosh turk xalqi uchun og‘ir sinov bo‘lganini ta’kidlagan. O‘zbekiston ushbu fojiali davrning dastlabki kunlaridanoq Turkiyaga har tomonlama yordam ko‘rsata boshlagan.

Qisqa fursatda 100 nafar o‘zbekistonlik qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimi falokat sodir bo‘lgan hududga yetib borgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 18 kishi qutqarilgan, 200 nafarga yaqin jabrlanganlar vayronalar ostidan chiqarilgan. Dala shifoxonasi 4 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatgan.

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an tashabbusi bilan zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etilgan. Bugungi kunga qadar mamlakatda 455 mingdan ortiq uy-joy qurilgan.

O‘zbekiston, o‘z navbatida, qisqa muddatlarda Hatay viloyatining Arsuz tumanida 300 dan ziyod to‘liq jihozlangan xonadon, jami 24 ta ko‘p qavatli uydan iborat barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy turarjoy majmuasini barpo etgan.

Turkiya Prezidenti ushbu majmua nafaqat jabrlangan oilalar uchun yangi uy, balki o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi abadiy do‘stlikning yorqin namunasi ekanini ta’kidlagan.

Yetakchilar loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan quruvchilar, muhandislar, ishchilar va barcha hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirgan.

Davlat rahbarlari yangi xonadonlar kalitlarini ularning egalariga tantanali ravishda topshirgan.

Shuningdek, Prezidentlar Istanbulning Bakirko‘y tumanida o‘zbek maktabi qurilishini boshlab berdi. Mazkur dargoh O‘zbekistonning xorijdagi birinchi ta’lim muassasasi bo‘ladi.

Yangi o‘quv maskani Turkiyada yashovchi o‘zbek oilalarining farzandlariga o‘z ona tilida ta’lim olishi bilan birga milliy qadriyatlar, madaniyat va an’analarni saqlab qolish imkonini beradi.

Tomonlar ushbu maktab ikki qardosh xalq o‘rtasidagi rishtalar yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilishi, yosh avlod uchun muhim ta’lim va tarbiya markaziga aylanishiga ishonch bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Turkiya O'zbekiston Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing