Turkiyada kuchli yomg‘ir sabab Istanbul shahri va Anqara viloyatini suv bosdi (video)
Olam
−
15 iyun 2021
6989Turkiyada so‘nggi kunlarda hukm surgan noqulay ob-havo va davomli yog‘ingarchilik sababli Istanbul shahri va Anqara viloyatida suv toshqinlari yuz berdi. Bu haqda TRT Haber telekanali xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, yomg‘ir tufayli Istanbulning ko‘plab tumanlarida, xususan Bayrampasha, Zeytinburnu, Esenyurt, Shishli, Fotih, Kag‘ithane va Beykozni suv bosib, yo‘llarda harakat to‘xtab qolgan. Haydovchilar va piyodalar ham tabiiy ofat natijasida ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelishgan.
Xususan, Bayrampashadagi savdo markazi yaqinidagi yer osti o‘tish yo‘lini suv bosgan. Shu paytda yer osti yo‘lidan o‘tayotgan mashina harakatlana olmay qolgan. Avtomobilda bo‘lgan yoshi katta ayol va erkakni ularga yordam kelgan oddiy fuqarolar qutqargan.
Shuningdek, Anqara viloyatining Chubuk tumanida ham kuchli yomg‘ir oqibatida ba’zi uylar va korxonalar suv ostida qolgan. Ekin ekilgan qishloq xo‘jaligi yerlari va bog‘larning bir qismi zarar ko‘rgan. Tuman qishloq va o‘rmon xo‘jaligi direksiyasi guruhlari zarar miqdorini baholashni boshlashgan.
Sardor To‘lanboyev
LiveBarchasi