Turkiyada davlatga qarshi to‘ntarish masalasi kun tartibiga chiqdi

Olam

image

Turkiya siyosatida katta tebranishlar kuzatilmoqda. Mamlakatda hijob masalasi ortidan davlat rahbariyatiga qarshi to‘ntarish masalasi kun tartibiga chiqdi. Bu haqda jurnalist Jan Atakli so‘z ochgan va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning lavozimdan ketishi davlat to‘ntarishi orqali bo‘lishini aytgan. 

“Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ketishi uchun xalqda juda katta g‘azab bo‘lishi kerak. Katta tabiiy ofat, kuchli zilzila... Katta toshqin yoki dahshatli yong‘in...  Avstraliyada bo‘lgan yong‘indek juda katta yong‘in, zilzila, juda ko‘p qurbonlar beriladigan sel falokati singari... Ammo Turkiyada harbiy muvaffaqiyatsizlikka duch kelish eng dahshatli narsa”, deydi jurnalist. 

Ayni vaqtda Jan Ataklining ushbu so‘zlari mamlakat siyosiy elitasi, xususan hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi a’zolari tomonidan og‘ir qabul qilinmoqda. 

Turkiya o‘z tarixida bir necha bor davlatga qarshi to‘ntarishlarni boshdan kechirgan mamlakat. Eng ahamiyatlisi, to‘ntarishlar xalq tarafidan emas, balki doimiy ravishda harbiylar tomonidan uyushtirib kelingan. Xalqaro siyosiy kuzatuvchilarning fikricha, Turkiyada davlat rahbari va harbiy rahbarlar o‘rtasida o‘zaro murosasizlik mavjud va bu murosasizlik 2016 yilning 15 iyul kuni o‘zining navbatdagi oqibatlarini ko‘rsatdi. 

Ammo 2016 yilda Erdo‘g‘an boshchiligidagi hokimiyatga qarshi davlat to‘ntarishi AQSHning Pensilvaniya shtatida yashayotgan va rasmiy Anqara tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan Fathulloh Gulen rahbarligidagi FETO terrorchilik tashkiloti nazorati va buyrug‘i bilan amalga oshirildi. Turkiya tarixida sodir etilgan barcha davlat to‘ntarishlari doimiy ravishda bosh ko‘targan to‘dalar foydasiga hal bo‘lgan. Biroq, 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinish kutilgan natijani bermadi. Bu safar Prezident va uning hokimiyatiga xiyonat qilgan harbiylar qarshisiga xalq chiqdi. Natijada harbiylar taslim bo‘ldi. Albatta, to‘ntarishga urinish qurbonsiz kechmadi, 251 kishi vafot etdi. 

Turkiyada davlatga qarshi to‘ntarish masalasi kun tartibiga chiqishiga yana bir sabab bor. Bu ham bo‘lsa Turkiya qurolli kuchlari Bosh shtabining 26-boshlig‘i, 2008-2010 yillarda ushbu lavozimda ishlagan Mehmet Ilker Bashbug‘ning “Jumhuriyat” gazetasiga bergan intervyusi bo‘ldi. 

Unda general Mehmet Ilker Bashbug‘ Turkiya tarixida 1960 yilning 27 may, 1971 yilning 12 mart, 1980 yilning 12 sentyabr, 1997 yilning 28 fevral va 2007 yilning 27 aprel kuni harbiylar tomonidan sodir etilgan davlatga qarshi to‘ntarishlarni xotirlaydi. U o‘z so‘zida mamlakatni 1950-1960 yillarda boshqargan Bosh vazir Ali Adnan Ertekin Menderesga qarshi uyushtirilgan davlat to‘ntarishni misol tariqasida keltirgan.

“Agar Menderes 1960 yilning 25 may kuni Eskishaharda qilgan nutqida muddatidan avval saylov o‘tkazish vaqtini aytganda edi, 27 maydagi harbiy to‘ntarishning oldi olingan bo‘lardi. Chunki muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga qaror qilgan hukumatga qarshi harbiy to‘ntarish amalga oshirilishi millatning siyosiy irodasiga zarba bo‘lishi aniq”, degan Mehmet Ilker Bashbug‘. 

Ayni vaqtda generalning ushbu so‘zlari Turkiyaning hukmron partiyasi tomonidan mamlakatda yangi davlat to‘ntarishiga hozirlik ko‘rish va bunga da’vat sifatida qabul qilinmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

733

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing