Turkiya va Rossiya o‘zaro savdoda dollardan voz kechishi mumkin – OAV
Olam
−
20 iyul 2022
7021Turkiya energiya resurslari uchun Rossiya bilan hisob-kitoblarda AQSH dollaridan voz kechishi mumkin, bu masala ikki davlat Prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan 19 iyul kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilinishi rejalashtirilgan edi. Bu haqda “Bloomberg” nomi oshkor qilinmagan turk rasmiysiga tayanib, xabar berdi.
“Yetkazib berish uchun to‘lovlar liraga o‘tkazilishi mumkin, bu Turkiya hukumatiga valyuta zaxiralarining qisqarishini sekinlashtirishga yordam beradi, Rossiya esa turk yetkazib beruvchilardan tovar va xizmatlar sotib olayotganda turk valyutasidan foydalanishi mumkin. Rubl ham to‘lov mexanizmi uchun valyuta sifatida ko‘rib chiqiladi”, deya ta’kidlagan agentlik suhbatdoshi.
Qayd etish kerak, Putin va Erdo‘g‘an Eron poytaxtida bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarda dollardan voz kechgani haqida bayonot bermadi. Ular faqat Ukrainadagi g‘allani eksport qilish masalalari va Suriyadagi vaziyatni hal qilish yo‘llarini muhokama qilganini ochiqladi, xolos.
Bundan bir hafta oldin, 12 iyul kuni Rossiya va Eron Markaziy banklari mamlakatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarda dollardan voz kechib, ularni milliy valyutaga konvertatsiya qilishga kelishib olgan edi.
“Bloomberg”ga ko‘ra, 2022 yilning 1 iyuliga kelib, Turkiyaning yalpi valyuta zaxiralari 2017 yildagi qariyb 97 milliard dollardan salkam 59 milliard dollargacha qisqargan.
O‘tgan yili Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi ijobiy saldo taxminan 20 milliard dollarni tashkil etgan. Turkiyaning Rossiyaga eksporti 6,5 milliard dollar, Rossiyaning Turkiyaga eksporti esa 29 milliard dollarga yetgan.
Mart oyi oxirida Putin do‘st mamlakatlar uchun gazga to‘lov qilishning yangi sxemasini taklif qildi va tasdiqladi. Endilikda gaz xaridorlaridan “Gazprombank”da ikkita hisob ochish talab qilindi — biri rublda, biri chet el valyutasida.
LiveBarchasi