Turkiya kemalari Ukrainadan don eksport qilishda davom etadi
Olam
−
02 noyabr 2022
3009Rossiyaning Qoradengiz don tashabbusidagi ishtiroki to‘xtatilganiga qaramay, Turkiya bayrog‘i ostida suzuvchi kemalar Ukraina portlaridan don eksportini muammosiz davom ettiradi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar ma’lum qildi.
"Turkiya bayrog‘i ostidagi kemalarning chiqishi bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q. Ular Ukraina portlaridan ketishda davom etadilar", deyiladi xabarda.
Shuningdek, Akar tomonlar don bo‘yicha kelishuvni to‘liq amalga oshirish borasida kelishib olishlariga umid bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni Rossiya portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha BMT bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.
“Biz Turkiya sifatida bu ishga hissa qo‘shish va vositachi rolimizni samarali bajarish uchun sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz”, deydi vazir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 oktyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi anneksiya qilingan Sevastopoldagi Qora dengiz harbiy flotiga uyushtirilgan hujum munosabati bilan Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishga mo‘ljallangan kelishuvdagi faoliyatini to‘xtatishini ma’lum qilgan edi. Rasmiy Moskva hujum "don yo‘lagi"dan foydalangan holda uyushtirilganini ta’kidamoqda.
Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Istanbulda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida Ukraina portlaridan g‘allani xavfsiz tashish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjatni Ukraina, Rossiya, BMT va Turkiya vakillari imzoladi. Don shartnomasi Ukrainaning Odessa, Yujniy va Chernomorsk portlarini o‘z ichiga oladi.
Shartnoma muddati 19 noyabrda tugaydi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Turkiya avvalroq kelishuvni uzaytirishga chaqirgan edi.
Oktyabr oyida Qrim ko‘prigida portlash bo‘lishi ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin don kelishuvi to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytgandi. U portlovchi uskuna don yo‘lagi orqali Qrimga olib kelingani tasdiqlansa, shunday qilinishini aytdi.
LiveBarchasi