Turkiya Iroq shimolida harbiy operatsiya boshladi
Olam
−
18 aprel 2022 16406 1 daqiqa
Turkiya Mudofaa vazirligi Iroq shimolida Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) jangarilariga qarshi yangi harbiy operatsiyani boshladi. Bu haqda vazirlik bayonotida so‘z boradi.
“PKK va boshqa terror unsurlarini zararsizlantirish, Iroq shimolidan xalqimiz va xavfsizlik kuchlariga qarshi bo‘layotgan terror hujumlarini bartaraf etish va chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlash maqsadida, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 51-moddasidan kelib chiqadigan o‘zimizni himoya qilish huquqimizga muvofiq Iroq shimolidagi terroristik nishonlarga qarshi (Metina, Zap va Avasin-Basyan deb ataladigan hududlarda) “Pençe-Kilit” operatsiyasi boshlandi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Qayd etilishicha, operatsiya uchun maxsus operatsiya kuchlari va harbiy-havo kuchlari harakatga keltirilgan.
“Associated Press” agentligi Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akarga tayanib, samolyotlar PKKning boshpanalari, bunkerlari, tunnellari, g‘orlari va omborlariga muvaffaqiyatli hujum qilgani haqida xabar berdi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, “Kurdiston ishchi partiyasi” jangarilari 1984 yildan to 2020 yilning martigacha bir qator qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishi natijasida 7500 turk xavfsizlik xodimi va 6800 tinch aholi o‘ldirilgan.
AQSH va Yevropa Ittifoqi “Kurdiston ishchi partiyasi”ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan.
Anqara vaziyatni hal qilish yo‘llarini qidirishga urinishlariga qaramay, “Kurdiston ishchi partiyasi” terror tashkiloti 2015 yil iyulidan beri yana qurolli hujumlarni boshlagan.
Live
Barchasi