Turkiya Gretsiya masalasida NATOni ogohlantirdi
Olam
−
31 avgust 2022
8336Rasmiy Anqara Gretsiya tomoni Egey va O‘rtayer dengizlarida S-300 havo mudofaa tizimlaridan foydalangan holda provokatsiyalar uyushtirayotgani haqida NATOni xabardor qildi. Bu haqda bugun, 31 avgust kuni Turkiya Milliy mudofaa vazirligi xabar berdi.
Vazirlikning eslatishicha, Gretsiya havo mudofaa tizimlari 23 avgust kuni Turkiya harbiy-havo kuchlarining F-16 qiruvchi samolyotlarini ta’qib qilish uchun ishga tushirilgan. Xuddi shunday hodisa, xususan, Rodos orolining g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan.
Anqaraning qayd etishicha, rasmiy Afina ular provokatsiyani tan olishdan bosh tortib, sodir bo‘lgan voqeadan uzoqlashishga harakat qilyapti.
Turkiya Mudofaa vazirligi Gretsiyaning xatti-harakatlari “ittifoqchilik ruhiga” zid ekanligini, shu sababli samolyot radarlari ma’lumotlari NATO vakillariga uzatilishini ta’kidlagan. Voqealardan Ittifoq kotibiyati ham, harbiy-siyosiy blokga a’zo davlatlar ham xabardor qilinadi.
Qayd etilishicha, yil boshidan buyon Gretsiya havo kuchlari samolyotlari Turkiya havo chegaralarini 256 marta buzgan. Shu bilan birga, 158 holatda turk aviatsiyasiga qarshi provokatsiyalar sodir etilgan.
Shu bilan birga, Gretsiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati kemalari Turkiyaning suv chegaralarini 33 marta buzgan.
LiveBarchasi