Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyadan nima xohlashini aytdi

Olam

image

Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zolik jarayonini davom ettirish uchun ular Anqaraning bu bilan bog‘liq xavfsizlik muammolarini hal qilishning aniq choralarini ko‘rishi kerak. Bu haqda Turkiya Prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Kalin Anqarada Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng ma’lum qildi.

“Turkiya Anqara xavfsizlikka oid xavotirlari yuzasidan ma’lum muddat ichida aniq choralar ko‘rilmasa, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusi oldinga siljimasligini ochiq aytdi”, deydi Prezident matbuot kotibi.

Kalin, shuningdek, muzokaralar chog‘ida Anqaraga mudofaa mahsulotlari yetkazib berilishiga qo‘yilgan embargoning bekor qilinishi masalasiga “ijobiy munosabat” bo‘lganini qayd etgan.

“NATO bo‘yicha ittifoqchilarning bir-biriga qarshi sanksiyalar qo‘llashi qabul qilinishi mumkin emas”, deydi Turkiya rahbari vakili.

U Turkiyaning xavfsizlik bilan bog‘liq tashvishlari birinchi navbatda mamlakatga qarshi terroristik kurash olib borayotgan PKK, PYD/YPG, DHKP-C va FETÖ kabi terror tashkilotlarining Yevropa davlatlari, jumladan Finlyandiya va Shvetsiyadagi faoliyati bilan bog‘liqligini eslatdi. Kalin, PKK, YPG va PYD’ning bir xil terror guruhlari ekanligini tushuntirdi.

Matbuot kotibi PYD/YPG’ning Suriya shimolida sodir etgan urush jinoyatlari xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Amnesty International va Xalqaro inson huquqlari federatsiyasining hisobotlarida ham tilga olinganini eslatdi.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi 10 yil ichida Anqara bir necha bor Shvetsiya va Finlyandiyaga terrorizmni qo‘llab-quvvatlagan shaxslarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha so‘rovlar bilan murojaat qilgan.

Kalin, Turkiya 1999 yilgi NATO sammitida ittifoqqa a’zolik jarayoni bilan bog‘liq holda qabul qilingan tamoyil va tartiblarning “to‘g‘ri tatbiq etilishini” intiqlik bilan kutayotganini qo‘shimcha qildi. U, NATO a’zolarining xavfsizlik muammolarini “adolatli” hal qilish kerakligini aytdi.

“Turkiya NATOga a’zo bo‘lgan 70 yil davomida alyansning asosiy tamoyillari doirasidagi faoliyatiga muhim hissa qo‘shdi. NATO xavfsizlik ittifoqidir, unga a’zo bo‘lgan davlatlar boshqa a’zo davlatlarning xavfsizlik muammolarini hal qilishga hissa qo‘shishi kerak. Shunday ekan, bu ittifoqning eng asosiy masalasi a’zolarining xavfsizlik muammolarini teng va adolatli hal etishdir”, deya xulosa qilgan Kalin.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 may kuni Anqaradagi Prezident saroyida Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya delegatsiyalari muzokara o‘tkazdi. Muzokaralar yopiq eshiklar ortida, taxminan besh soat davom etdi.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

41

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing