Turkiya BAAga Erdo‘g‘anning dushmani Pekerni qaytarish talabini qo‘ydi
Olam
−
23 fevral 2022
9215Turkiya Birlashgan Arab Amirliklaridan qochoq mafiya yetakchisi Sedat Pekerni hibsga olish va Turkiyaga qaytarishni rasman talab qildi.
“Anadolu” davlat axborot agentligining xabar berishicha, xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurash tashkiloti Interpol 1 fevral kuni Pekerni hibsga olishga order berganidan so‘ng, prokurorlar ekstraditsiya so‘rovini tayyorlagan. Adliya vazirligi ushbu so‘rovni BAAga yuborgan.
Turkiyaning bu talabni qo‘yishi BAA bilan munosabatlari iliqlashgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar mintaqaviy siyosatdagi kelishmovchiliklar tufayli buzilgan edi, biroq Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning o‘tgan hafta Abu-Dabi va Dubayga tashrifi aloqalarda yangi davrni boshlab berdi.
BAAga yuborilgan maktubda Adliya vazirligi, Pekerning ekstraditsiya qilishdan oldin uni vaqtincha hibsga olishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 2 – 23 may kunlari turkiyalik mafiya rahbari Sedat Peker YouTube’ga mamlakatni larzaga keltirgan yettita videomurojaatni joylashtirgan.
Videoda Peker Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an rahbarligidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasining yuqori martabali amaldorlari noqonuniy harakatlar bilan yashirin kelishuvlarda ishtirok etgani, mafiya bilan aloqaga qilgani haqidagi ma’lumotlarni ochiqlaydi va ularning ismini aytadi.
Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu unga mamlakatni tark etishiga ruxsat bergan va sobiq bosh vazir Binali Yildirimning o‘g‘li Venesuelaga hukumat tomonidan tasdiqlangan giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruh tashkil etish uchun yo‘l olganini aytgan. Peker o‘zining so‘nggi videosida 1990-yillarda sobiq ichki ishlar vaziri Mehmet Agar kiprlik turk jurnalisti Kutla Adalani o‘ldirish uchun ukasi Atillani yollaganini da’vo qilgan.
LiveBarchasi