Turk razvedkasi O‘rhan Inandini Qirg‘izistondan olib qochdi. Qirg‘iziston murosaga keladimi?

Olam

image

Joriy yilning 31 may kuni Qirg‘izistondagi “Sapat” (2017 yilgacha “Sebat”) turk-qirg‘iz maktablari tarmog‘ining sobiq rahbari O‘rhan Inandi yo‘qolib qolgandi. Oradan bir oy o‘tib, u Turkiya maxsus kuchlari tomonidan o‘g‘irlanib, Qirg‘izistondan olib chiqib ketilgani ma’lum bo‘ldi.

O‘rhan Inandi o‘zi kim?

Asli turkiyalik bo‘lgan O‘rhan Inandi Qirg‘izistonda 1992 yildan beri faoliyat yuritadigan “Sapat” ta’lim muassasalari tarmog‘ini boshqargan. Uning tarkibiga 16 ta litsey, Xalqaro Ala-Too universiteti, UWIS Xalqaro maktabi va bir nechta o‘rta maktablar kiradi. Turkiya bu maktablarning asoschisi FETO terroristik guruhi rahnamosi Fathulloh Gulen ekanini aytib keladi.

O‘rhan Inandining yo‘qolishi

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 1 iyun kuni Oktyabr tumani IIBga O‘rhan Inandining yo‘qolgani haqida xabar kelib tushgan. Bu haqda uning farzandi xabar bergan. U otasi bilan so‘nggi bor 31 may kuni soat 18:00 larda gaplashganini bildirgan. Holat Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 170-moddasi (Odam o‘g‘irlash) alomatlari bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Inandini topish uchun Qirg‘iziston IIV, Bishkek IIBB va Oktyabr tumani IIB tergovchilaridan iborat tezkor guruh tuzilgan. 1 oy davomida butun mamlakat bo‘ylab qidiruv olib borilgan.

Inandi Turkiyada

Joriy yilning 5 iyul kuni Qirg‘izistonda 1 oydan beri qidirilayotgan O‘rhan Inandi Turkiyada ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda shaxsan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi.

“Razvedka xizmatlarining sabr bilan olib borgan harakati natijasida FETOning Markaziy Osiyodagi rahbari O‘rhan Inandi sud qarshisiga chiqarish uchun mamlakatimizga olib kelindi. Biz davlatga, millatga xiyonat qiladigan va qon to‘kadigan biron bir tuzilmaning mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan Erdo‘g‘an.

Ahamiyatli tomoni joriy yilning 9-10 iyun kunlari Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Turkiyaga rasmiy tashrifi vaqtida Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘andan Inandi haqida so‘ragandi. Erdo‘g‘an esa uni bilmasligini, u haqda hech qanday ma’lumotga ega emasligini va FETO tarafdorlari haqida hech nimani eshitishni istamasligini aytgan.

Buning o‘rniga Erdo‘g‘an FETO terroristik tashkiloti ham Qirg‘iziston, ham Turkiyaning milliy xavfsizligiga tahdid solayotganini ta’kidlagan va Japarovni ogohlantirgan.

“Terror tashkilotlari, xususan FETOga qarshi kurashdan tortib, mintaqaviy hamkorlikka qadar kun tartibidagi barcha masalalarni muhokama qildik.

FETO har ikki mamlakatning milliy xavfsizligiga tahdid solayotgani borasida aziz qardoshim bilan hamfikrmiz. So‘nggi voqealar FETOning qonli, qorong‘i va xunuk yuzini yana bir bor ko‘z oldimizga chiqardi. Umid qilamanki, biz ushbu xavfni yelkama-yelka turib, birgalikda yengamiz”, degan Erdo‘g‘an uchrashuvlar so‘nggidagi qo‘shma bayonotni imzolash vaqtida. 

Qirg‘izistonning reaksiyasi

Inandi Turkiyada ekani ma’lum bo‘lgach, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Bishkekdagi Turkiya elchisiga nota topshirdi.

Ko‘p o‘tmay, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov holatga munosabat bildirib, rasmiy nota topshirishga buyruq berganini ma’lum qildi. Japarov O‘rhan Inandini qaytarish mumkinmi, degan savolga ham javob berga:

“Biz Turkiya tomoni oldida bu masalani ko‘tardik va O‘rhan Inandining qaytarilishini talab qilamiz. Ammo Turkiya tomoni bunga rasmiy javob qaytarmadi. Ular og‘zaki tarzda O‘rhan Inandi ularning fuqarosi ekanini va Turkiya fuqaroligidan chiqmaganini aytishdi. Biz Turkiyaning rasmiy javobini kutishimiz kerak”, degan Qirg‘iziston Prezidenti.

Japarovga ko‘ra, 2016 yildan beri Inandini o‘g‘irlashga uch marta urinish bo‘lgan. Uchinchi martasida uni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari qutqarib qolgan.

O‘z navbatida Bishkekda O‘rhan Inandini qaytarishni talab qilib, namoyish o‘tkazilgan. Qirg‘iziston Jo‘qorg‘u Keneshi deputatlari esa Inandining turk maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlanishi sababli mamlakat chegara xizmati raisi Ularbek Sharsheyevning iste’fosini talab qilmoqda.

“Nima uchun bu yerda o‘tiribsiz? Nima uchun iste’foga ketmayapsiz? Xorijiy maxsus xizmatlar qanday qilib mamlakatga kirib, bir odamni olib chiqib ketdi? Bu davlatga xiyonat bilan barobar. Siz bu uchun javob berishingiz lozim!”, deb yuzlangan deputat Janar Akayev Sharsheyevga.

Boshqa tomondan Qirg‘iziston IIV 8 iyul kuni O‘rhan Inandiga berilgan fuqarolikning qonuniyligini tekshirishni boshlagan.

“Sudgacha bo‘lgan jarayon davomida Turkiya fuqarosi O‘rhan Inandining 2012 yil 28 iyunda Qirg‘iziston Respublikasining ID-kartasini va 2012 yil 25 dekabrda Qirg‘iziston Respublikasining umumiy fuqarolik pasportini olganligi aniqlandi. Hozirda pasportlarni rasmiylashtirishning qonuniyligi tekshirilmoqda”, deyiladi IIV xabarida.

Atamboyev va Jeenbekov davridagi vaziyat

2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada davlat to‘ntarishi o‘tkazishga urinish bo‘lganidan keyin rasmiy Anqara FETO tomonidan Qirg‘izistonda ochilgan “Sebat” ta’lim muassasalari tarmog‘ini yopishni so‘ray boshladi. O‘sha vaqtdagi Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atamboyev esa “Sebat”ni “Sapat” deb qayta nomalashni taklif qildi. 2017 yil boshida bu ish amalga oshdi.

“Men Gulenni bilmayman, ammo “Sebat” maktablarini Turkiya va Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishi tayyorlagan siyosiy tashkilotlar bilan chalkashtirish bema’nilik”, degandi Atamboyev.

Atamboyev maktablar yopilmasligini, ammo ularda nazorat kuchaytirilishini aytgan. U maktablarning yangi ustavini ishlab chiqish va Ta’lim vazirligi litseylar tarmog‘ining asosiy ta’sischilaridan biriga aylanishiga ko‘rsatma bergan.

2017 yil o‘rtalarida Issiqko‘lda o‘tkazilgan matbuot anjumani paytida Atamboyevdan yana qirg‘iz-turk aloqalari va “Sapat” maktablari to‘g‘risida so‘rashgan. Atambayev o‘z nutqida Turkiyaning Bishkekdan noroziligini Qirg‘iziston “Sapat” ta’lim muassasalarini yopishdan bosh tortgani bilan izohlagan.

“Qirg‘izistondagi Turkiya elchisi “Sapat” o‘qituvchilarini inobatga olib, mamlakatda Gulenning 3500 odami ishlashini aytdi, ammo bu noto‘g‘ri. Agar siz ta’lim muassasasida ishlaydigan 3500 odamni terrorchi deb hisoblasangiz, unda doktorga murojaat qilishingiz kerak. Xafa bo‘lmang, lekin men shunday o‘ylayman. Biz maktablarni yopmaymiz, ularni ochamiz”, degan Atamboyev.

Bir yil o‘tib, 2018 yilda, Sooronbay Jeenbekov prezidentlik lavozimini egallaganidan so‘ng, Turkiya yana Qirg‘izistondagi “Sapat” ta’lim muassasalarini yopish bo‘yicha murojaat yuborgan.

2018 yil 1 sentyabrda Turkiya va Qirg‘iziston Prezidentlarining uchrashuvida turk-qirg‘iz maktablari tarmog‘ini yopish masalasi ko‘tarilganda, Jeenbekov endilikda “Sebat” yo‘qligini, “Sapat” faoliyat yuritayotganini hamda Ta’lim va fan vazirligi uning ta’sischilaridan biri ekanini aytgan. Shuningdek, muassasalar to‘liq davlat nazoratida ekani ta’kidlangan.

Ma’lumot o‘rnida, 2019 yilda Jeenbekov Prezidentligi davrida Turkiya O‘rhan Inandini ekstraditsiya qilishni so‘ragan, biroq Qirg‘iziston hukumati bu so‘rovga rad javobini bergan.

Qayd etish kerakki, O‘rhan Inandini Turkiyaga olib kelish operatsiyasi bo‘yicha mamlakatdagi hech bir rasmiy tashkilot axborot bermadi. Inandini Anqaraga olib borgan Milliy razvedka tashkiloti ham bayonot bermagan. 

Turkiya OAV ma’lumotiga ko‘ra, Inandi 6 iyul kuni politsiyaga topshirilgan va uni prokuror so‘roq qilgan. Keyin esa Inandini hibsda saqlash muddati uzaytirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

393

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing