Turkiyada qayta saylov bo‘ladi
Tahlil
−
15 may 2023
7204Kecha, 14 may kuni butun dunyo e’tibori Turkiyaga qaragan edi. Tongi soat 9:00 da Turkiyaning 81 viloyatida prezidentlik va parlament saylovlari uchun saylov uchastkalari ochildi. Ular mahalliy vaqt bilan 17:00 gacha ishladi. Respublika va xorijda jami 191 884 ta saylov qutilari o‘rnatildi va 64 million Turkiya fuqarosi ovoz berish huquqiga ega ekani aytildi.
Turkiyadagi prezidentlik saylovlarida uch nomzod Mamlakatning amaldagi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasi, “Millatchilik harakati” partiyasi, “Buyuk birlik” partiyasi va “Qayta farovonlik” partiyasidan tashkil topgan Xalq ittifoqidan prezidentlikka nomzod bo‘ldi.
“Jumhuriyat xalq”, “Saodat”, “Da’vo”, “Demokrat”, “Kelajak” va “Yaxshilik” partiyalaridan iborat Millat Ittifoqidan prezidentlikka nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li.
Ittifoq “G‘alaba”, “Adolat”, “To‘g‘ri”, “Turkiya ittifoqi” va “Mening yurtim” partiyasidan iborat “Ajdodlar” Alyansidan Sinan Og‘an Turkiya Prezidentligi uchun kurashmoqda.
Garchi nomzodlar 3 nafar bo‘lsada, oliy davlat lavozimi uchun asosiy kurash Erdo‘g‘an va Qilichdaro‘g‘li o‘rtasida kechishi kutilayotgan edi va shunday bo‘ldi.
Turkiyada prezidentlik saylovlari bilan bir qatorda parlament saylovlari ham bo‘lib o‘tdi. Ularda 36 ta partiya ishtirok etib, ularning ba’zilari parlamentda ko‘proq o‘rin olish imkoniyatini oshirish uchun ittifoq tuzgan edi. Erdo‘g‘anning 20 yillik rahbariyati va o‘z kuchini his qilgan muxolifat o‘rtasida keskin kurash kechdi.
Saylov uchastkalariga borib ovoz bergan nomzodlar Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Kamol Qilichdoro‘g‘li va Sinan O‘g‘an jurnalistlar taqibidan chetta qolmadi.
Erdo‘g‘an Istanbulning Uskudar tumanidagi maktabda ochilgan saylov uchastkasida ovoz bergan.
“Ovozlarni sanab chiqish tugallangandan keyin yaxshi kelajakka umid qilaman. Turk demokratiyasining kuchini ko‘rsatish uchun barcha saylovchilarimizni soat 17:00 ga qadar shubhasiz ovoz berishda ishtirok etishga chaqiraman”, degan Turkiya rahbari.
Qilichdoro‘g‘li esa Turkiya poytaxtining Chukurambar tumanidagi Arjantin boshlang‘ich maktabidagi saylov uchastkasida ovoz bergan. Atrofdagilar uni qarsaklar bilan kutib olishgan. Qilichdoro‘g‘li ovoz bergach, jurnalistlarga Turkiya demokratiyani sog‘ingani va tez orada mamlakatga demokratiya qaytishini aytgan.
“Biz hammamiz demokratiyani, u biz bilan birga bo‘lishini sog‘indik. Ko‘rasiz, tez orada bu mamlakatga bahor keladi”, degan Qilichdoro‘g‘li
Turkiya rahbarligi uchun uchinchi nomzod Sinan O‘g‘an esa Anqaradagi Ko‘chatepe Mimar Kamol Anadolu o‘rta maktabidagi saylov uchastkasida o‘z ovozini bergan.
Amaldagi davlat rahbari ovoz berish jarayonidan so‘ng atrofiga to‘plangan bolalarga pul berdi. Erdo‘g‘an va uning asosiy raqibi Qilichdoro‘g‘li tarafdorlari turli ko‘rinishda o‘z nomzodini qo‘lab quvvatladi.
Fuqarolar to‘qqiz soat davomida kelgusi besh yil mobaynida mamlakatni boshqaradigan prezidentni va parlamentning 600 nafar deputatini tanladi. Parlament saylovlarida jumhuriyat ittifoqi 49%, muxolifat koalitsiyasi 34% ovoz to‘plagan.
“Hurmatli vakillar va sayyohlar... Ovoz berish jarayoni Xudoga shukur, demokratiyamizga munosib tarzda yakunlandi. Endi, har doimgidek, saylov qutilarini mahkam ushlash vaqti keldi. Natijalar yakunlangunga qadar biz millatimiz irodasini himoya qilishda davom etamiz!" dedi Turkiya Prezidentligi uchun da’vogarlardan biri Erdo‘g‘an.
Saylov tugab konvertlar ochildi. Ilk natijalar e’lon qilinganda Erdo‘g‘an oldinda bordi. Barcha ovozlarning 38 foizi hisoblanganda. Erdo‘g‘an 54,5%, Qilichdoro‘g‘li 40,0%, Sinan O‘g‘an esa 6,0% ovoz olgan edi.
Keyinroq, Qilichdoro‘g‘lini yoqlab ovoz berganlar soni biroz ortib, Erdo‘g‘an tarafdorlari dastlabki natijalardan kamaya boshladi. Unda Erdo‘g‘an 52,70%, Qilichdoro‘g‘li 41,39%, Sinan O‘g‘an 5,36% foiz ovoz to‘plagan.
Saylov qutilarining 51,39 foizi ochilganda natijalar bir oz o‘zgardi. Unga ko‘ra, Turkiyaning amaldagi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ustunlikni o‘zida saqlab, 52,12 foiz ovoz to‘plashga erishdi. Uning asosiy raqibi Kamol Qilichdoro‘g‘li esa 42,01 foiz ovozga egalik qildi.
Saylov byulletenlarining 100 foizi sanoqdan o‘tkazilganda Rajab Toyib Erdo‘g‘an 49,35%, Kamol Qilichdoro‘g‘li 45%, Sinan O‘g‘an esa 5,22% ovoz olgan.
Turk telekanallari orqali Qilichdoro‘g‘li tarafdorlari e’lon qilinayotgan raqamlar yolg‘on ekanini aytib, haqiqiy raqamlar bo‘yicha Kamol Qilichdoro‘g‘li Erdo‘g‘andan ancha oldinda ekanini aytib chiqdi.
Bunga javoban Erdo‘g‘an partiyasi saylov masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari Ali Ihsan Yavuz natijalarda hech qanday yolg‘on yo‘qligini bildirdi.
“Vahima muhitida ular endi institutlarni ayblamoqda. Siz natijalarni hammadan oldin bilishga tayyorlanayotgan edingiz, bir necha oy davomida ehtiyot choralarini ko‘rdingiz, demak siz nima bo‘layotganini tushunasiz. Ayni paytda biz parlamentda ham, prezidentlik poygasida ham ancha oldindamiz”, dedi u.
Saylov qoidalariga ko‘ra g‘alaba qozonish uchun nomzod 50 foizdan ko‘proq aniqroq aytganda 50+1 ovoz olish kerak, hozircha nomzodlarning hech biri to‘liq 50 foiz ovoz to‘play olmagan. Shu sababli Turkiyada prezidentlik saylovining ikki turi o‘tkazilishi aytilgan. Bu turda faqatgina amaldagi rahbar Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Kamol Qilichdoro‘g‘li ishtirok etadi. Ikkinchi tur 28 may kuni bo‘lib o‘tadi. Ko‘pchilik ovozini to‘plagan nomzod esa g‘olib deb e’lon qilinadi.
LiveBarchasi