Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining birinchi raisi vafot etdi
Jamiyat
−
15 iyul 2020
14298O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining birinchi raisi (2016-2017 yillar) Anvar Qurbonovich Sharapov vafot etdi. Bu haqda qo‘mita ma’lum qildi.
Anvar Sharapov o‘z xizmat faoliyati davomida qator davlat idoralarida mehnat qilgan. Xususan, uzoq yillar mobaynida huquqni muhofaza qilish organlarida (1993-2014 yillar), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida (2014-2016 yillar) mas’ul lavozimlarda, xususan Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan.
Anvar Sharapov 2016 yil 14 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan va bir yil davomida ushbu lavozimda faoliyat yuritgan. O‘zbekiston turizm sohasidagi islohotlar aynan o‘sha davrda boshlangan.
Anvar Kurbanovich hamkasblari orasida fidoyi mehnati bilan bir qatorda o‘zining insoniy fazilatlari bilan ham yodda qolgan: oqko‘ngil, samimiy hamda shogirdlariga doim yordamga shay inson bo‘lgan. Shu bilan birga, Sharapov turizm sohasi tadbirkorlariga doim o‘z maslahatlarini berib kelgan, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan. Anvar Sharapov fidokorona mehnatlari uchun “Do‘stlik” ordeni va “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
QALAMPIR.UZ marhumning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va barcha yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
LiveBarchasi