Turizm sohasida oliy ta’lim 4 yillikdan 3 yillikka o‘tkaziladi
Jamiyat
−
16 iyul
7192Turizm sohasida oliy ta’lim to‘rt yillikdan uch yillikka o‘tkaziladi. Bugun, 16 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kabi takliflar bilan hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimotda tanishdi.
Ma’lumki, turizm sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash masalasi ham muhim. Kelayotgan o‘quv yilidan boshlab, bu borada ham qator yangiliklar mo‘ljallanmoqda. Masalan, turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohasida o‘quv dasturlari jahon reytingida birinchi 100 talikka kiruvchi ta’lim muassasalarining tajribasi asosida takomillashtiriladi. Bu sohada oliy ta’lim to‘rt yillikdan uch yillikka o‘tkaziladi. Talabalarga bir vaqtning o‘zida ixtisosligi bo‘yicha ishlab, kasbiy ko‘nikmalarini bevosita ish joylarida rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.
Bildirilishicha, Andijon, Buxoro, Samarqand va Urganch davlat universitetlari, Sharqshunoslik, Jahon tillari va “Ipak yo‘li” oliygohlarida gidlarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, salohiyati yuqori bo‘lgan joylarda master-rejalar asosida turizm maskanlari barpo etiladi. Bunday hududlar infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda respublika byudjetidan 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, ularning har biriga 50 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilinadi.
Ta’kidlanishicha, turizm sohasidagi tadbirkorlar uchun qator yengilliklar ham nazarda tutilmoqda. Ular orasida avtobus va mikroavtobuslarni bojxona bojidan ozod etish, turoperator va hunarmandlarning xalqaro yarmarkalardagi xarajatining 50 foizini qoplab berish, xorijiy mehmonlar ishtirokida biznes tadbirlar tashkil qilgan tadbirkorlarning foyda solig‘i 50 foizga kamaytirish kabi choralar bor.
Mirziyoyev O‘zbekistonning milliy turizm brendini yaratish zarurligini ta’kidlagan edi. Shunga muvofiq, maqsadli bozorlar talablaridan kelib chiqib, mamlakatdagi turizm turlari to‘g‘risida kontentlar yaratiladi. Ular xalqaro media va ijtimoiy platformalar, jahon sport va san’at tadbirlarida targ‘ib qilinadi. Bunga auditoriyasi katta bo‘lgan xorijiy jurnalist, bloger va inflyuenserlar ham jalb qilinadi.
Qayd etilishicha, sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida barcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovlari haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platforma ishga tushiriladi. Avia, temir yo‘l va avtobus chiptalarini kamida olti oy oldin savdoga chiqarish tizimi joriy qilinadi. Umumxalq bayramlari kunlarida qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bular haqda muntazam ravishda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boriladi.
Davlat rahbari bu chora-tadbirlar bo‘yicha hujjat ishlab chiqib, ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
LiveBarchasi