Turistik yig‘imni hisoblash va to‘lash to‘xtatildi
Jamiyat
−
13 avgust 2020
3034Turistik (mehmonxona) yig‘imni hisoblash va to‘lash 2021 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan muddatga to‘xtatildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, pandemiya davrida joylashtirish vositalarining yuklamasi keskin tushib ketishi va aksariyat hollarda ular faoliyatining to‘xtatilganligi sababli O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 28 maydagi “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun turizm sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq shunday qilingan.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 137-sonli qaroriga ko‘ra, mazkur yig‘im joylashtirish vositalari (mehmonxonalar) tomonidan byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Turistik yig‘imdan tushgan mablag‘lar mamlakatning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, turizm infratuzilma ob’ektlarini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarining loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash, turizm sohasida kadrlar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash, hududlardagi salohiyatli turizm ob’ekti va maskanlarini birlamchi choralarni ko‘rgan holda sayyohlar tashrifi uchun tayyorlash maqsadlariga ishlatiladi.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi