Turg‘un Azizov 90 yoshida vafot etdi
Jamiyat
−
22 yanvar
15981O‘zbekiston xalq artisti, aktyor va rejissyor Turg‘un Azizov 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Turg‘un Azizov 1934 yilning 30 noyabrida Toshkentdagi Saryog‘chi (hozirgi Beshqayrag‘och) mahallasida tug‘ilgan. U 1956 yili avvalgi O‘zbekiston Davlat teatr va rassomchilik institutini tamomlab, shu yilning o‘zidayoq hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatriga ishga qabul qilingan.
Turg‘un Azizov 1967 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 1974 yil “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlariga sazovor bo‘lgan. U 1977 yil Davlat mukofoti sovrindori, 2001 yil “Mehnat shuhrati” ordeni, 2021 yil “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
O‘zbek xalqining sevimli aktyori Milliy teatrda faoliyat yuritib kelayotgan bir qancha yosh ijodkorlarning ustozi hamdir.
Shuningdek, Turg‘un Azizov teatrda sahnalashtirilgan 200 ga yaqin asarlarda bosh rollarni ijro etgan. U yaratgan “Sarvqomat Dilbarim”da Ilyos, “Nomus”da Sayram, “Noma’lum kishi”da Niyoz, “Monserra”da Monserra, “O‘g‘irlangan umr”da Eydzi, “Tirik murda”da Protasov, “Qirol Lir”da Edmund, “Otello”da Otello, “Mirzo Ulug‘bek”da Mirzo Ulug‘bek, “Alisher Navoiy”da Husayn Boyqaro kabi obrazlari o‘zining o‘tli yuragi, romantik ehtirosi, kechinmalari bilan o‘zbek teatr san’ati tarixida qoldi.
Aktyor kino san’atida ham faol ishtirok etib, 30 dan ortiq filmlarda suratga tushgan. El sevgan “Maftuningman” filmida Bakir Nazarov, “Nodirabegim”da Amir Nasrullo obrazlarini yaratgan.
1956 yildan boshlab dublyaj sohasida ham samarali mehnat qilgan. U kino, teatr, radio va televideniyeda faol qatnashib, san’atda yetuklikka erishganidan keyin, teatr rejissurasida ham o‘zini sinab ko‘rdi. Jumladan, teatrda “Alisher Navoiy”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Mehrobdan chayon”, “Yetti faryod”, “Chimildiq”, “Mashrab”, “Oltin qiz”, “Tili asalim”, “Rustam”, “Yaralangan oqqush nolasi”, “Bir koshona sirlari”, “O‘zbekcha raqs” kabi asarlarni muvaffaqiyatli sahnalashtirdi. Bu spektakllar jamoatchilik tomonidan yaxshi qabul qilindi. “Chimildiq” postanovkasi esa o‘zbek xalqining eng sevimli spektakllari qatoridan o‘rin olgan.
LiveBarchasi