To‘p emas, quyon ortidan quvganlar yoxud jarga qulayotgan o‘zbek futbolining bugungi holatiga nazar

Sport

image

Futbol, o‘zbek futboli. Bahsli mavzu, tuganmas tortishuvlar, ba’zan natijasiz harakatlar. Uning taqdirini o‘zgartirish bir kishining qo‘lida bo‘lganda edi... Mamlakat sport sohasidagi erishilayotgan jamiyki yutuqlar futboldagi muvaffaqiyatsizliklar soyasida qolib ketayotgandek. O‘zbekiston futboli rahbariyati o‘zgarganiga esa bir yil to‘ldi. Xo‘sh, bu davrda nimalar o‘zgarishi kerak ediyu, nimalar o‘zgardi? Hozirgi vitse-prezidentlarning faoliyati qanday baholash mumkin? Biz ushbu masalada sobiq O‘FA vitse-prezidenti maslahatchisi, taniqli futbol mutaxassisi San’at Sharipovga mikrofon tutishga harakat qildik. Pandemiya sabab AQSHda bo‘lib turgan Sharipov o‘z fikrlarini yozma bayon qilishni istadi. Quyida uning o‘zbek futbolining bir yil avvalgi va bugungi holati haqidagi fikrlarini o‘qishingiz mumkin. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, u bundan bir yil avval ham intervyu berishni istamagan edi. Aksincha, bir yil o‘tib, futbol sohasidagi o‘zgarishlarni kuzatib, keyin ommaga yuzlanishni maqsad qilgandi. Nihoyat o‘sha kun keldi. 

To‘p emas, quyon ortidan quvganlar yoxud jarga qulayotgan o‘zbek futbolining bugungi holatiga nazar

2019 yilning yoz fasli o‘zbek futbolini o‘z tafti bilan qizdirib yuborganiga hash-pash deguncha bir yil to‘libdi. O‘sha damlarni esga olsak, birin-ketin futbol tepasidagi rahbarlar o‘zgarishi mamlakat futboli jonkuyarlari, ishqibozlari, boringki barcha-barcha futbol kishilariga ijobiy ta’sir etgandi.

To‘g‘rida, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda nom taratgan futbol odami boshqaruvga tayinlandi. O‘FA prezidentligi davlat xavfsizlik xizmati raisiga topshirilishi esa o‘zbek futbolida korrupsiyaga butunlay barham berilishiga, terma jamoalar va klublar xalqaro o‘yinlarda o‘z so‘zini ayta boshlashiga umid uchqunlarini paydo qildi.

O‘tgan bir yil davomida mamlakatimiz OAVsining O‘FAga nisbatan munosabati, yozilgan maqolayu, tahlillar, fikrlar asosan ijobiy, ba’zida neytral ko‘rinishda bo‘lganligi ayon bo‘ldi. O‘FA matbuot xizmati tomonidan rasmiy sayt va ijtimoiy  tarmoqlarda berib borgan ma’lumotlarini ko‘rib ko‘z quvnaydi. Ayniqsa, bir yillik faoliyat tahlilini o‘tkazgan ijroqo‘m yig‘ilishi hisoboti O‘FA to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganligi, amalga oshirib kelayotgan ishlari yaxshi natija berayotganligini ko‘rsatib berdi.

NIKIMBAEVNING MAQSADI AYBLASHMI Yo ALQASH?

To‘satdan, hammasi yaxshi ketayotgan bir paytda xorijdagi jonkuyar ekspertlarimiz O‘FAning “ishi”ga aralasha boshladi. Dastlab, Alisher Nikimbayev Ravshan Ermatovning ishga tayinlanganiga 14 iyunda bir yil to‘lgani va shu vaqt davomida u nima ish qildiyu, nimani amalga oshira olmaganini o‘zining ijtimoy tarmoqdagi kanalida yoritib o‘tdi. 

Mana o‘sha mutaxassis fikrining “Championat.asia”da tarqatilgan varianti: 

Alisher Nikimbayev: "Ermatov O‘FAga kelganiga bir yil bo‘ldi, afsuski haligacha o‘z jamoasini shakllantira olmadi"

— 2019 yil 14 iyun kuni O‘FA rahbariyatida o‘zgarish sodir bo‘lgan edi.

O‘FA Ijroqo‘m yig‘ilishida Ravshan Ermatov O‘FA Birinchi vitse prezidenti etib saylangandi.

"Bugun Ravshan Ermatov O‘FA Birinchi vitse-prezidenti etib tayinlanganiga bir yil bo‘ldi. Hakamik faoliyatini yakunlaganiga ham bir yil bo‘ldi desak bo‘ladi. Yorqin, voqealarga to‘la o‘tgan faoliyat bunday yakunlanishi kerak emasdi.

Biroq bir yil oldin Ermatov bu qadamni qo‘ydi, chunki "Vatan buyurdi". U jamoatchilik uchun shaxsiy faoliyatini qurbon qildi. Ko‘pchiligimiz bunday qaror qabul qila olmaymiz. Ravshan Ermatov bunga qodir ekan.

Albatta bularning barchasi oddiy joyda bo‘lgani yo‘q. O‘FAda o‘sha paytda "kuchli bo‘ron" bo‘layotgandi. Bu "bo‘ron" 2019 yilda emas, 2017 yilda ham emas undan oldinroq boshlangandi. Vaziyatni faqat keskin va nostandart qaror qutqarishi mumkin edi. Hamda hokimiyat idoralaridagi qaysidir kabinetda dunyoning eng yaxshi hakami obro‘si bu najot degan qarorga kelishgandi.

Ammo Ermatovning futbol maydonidan darhol Birinchi vitse-prezidenti kursisiga o‘tishi natija berishi qiyin edi. Futbolni rivojlantirish hech qachon, hatto eng iste’dodli odamning yutug‘i bo‘lmagan bo‘lmaydi ham. Ermatovga jamoa kerak edi, afsuski hozirga qadar u oxirigacha bu jamoani shakllantira olmadi. Yil davomida kadrlar borasida bir nechta xatoga yo‘l qo‘yildi. Ammo Ermatovni bu xatolar uchun keskin ayblab bo‘lmaydi. Uning kabinetda ishlash tajribasi yo‘q edi. Ammo shunga qaramay Ermatov o‘z jamoasiga O‘FAga munosib bo‘lgan o‘z jamoasini olib kela oldi. Bir yarim yil avval oldingi rahbariyat ideologlari PFL va O‘FA tashqarisida hech qanday mutaxassis yo‘q deb aytishgandi. Ermatov bunday emasligini va yurtimiz futbolida mutaxassislar yetarli ekanini ko‘rsatdi.

Ortda qolgan 366 kun davomida Ermatov hamma ishni qila olmadi albatta. PFLda hech qanday islohot yo‘q, u yerda birgina direktorni o‘zgartirish bilan ish muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Bu tashkilot o‘zgarishlarga muhtoj. Ammo u yerda boshqalarning logotiplarini o‘g‘rilaydigan, FIFA talablariga zid bo‘lgan reglamentlarni yozadigan kollektiv tufayli islohot o‘tkazib bo‘lmayapti.

Ammo Ermatov viloyat futbol Federatsiyalari muammolariga e’tibor qaratishga, xalqaro tashkilotlarda O‘FAga nisbatan hurmatni qaytarishga, terma jamoalar boshqaruv tizimini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi.

Bir yil ichida barcha muammolarni hal qilib bo‘lmaydi. Nimadir o‘xshadi, nimadir hatto yomonlashdi. Nima noto‘g‘ri qilinganini tushunish va oldinga intilishda davom etish kerak.

Alisher Nikimbayevning fikr-mulohazalarini o‘qib hayron qolasan kishi. Ermatov o‘z jamoasini shakllantira olmadi deb gap boshlagan, biroq keyinroq, “Ammo shunga qaramay Ermatov o‘z jamoasiga O‘FAga munosib bo‘lgan o‘z jamoasini olib kela oldi. Bir yarim yil avval oldingi rahbariyat ideologlari PFL va O‘FA tashqarisida hech qanday mutaxassis yo‘q deb aytishgandi. Ermatov bunday emasligini va yurtimiz futbolida mutaxassislar yetarli ekanini ko‘rsatdi” deyishi orqali o‘z so‘ziga o‘zi qarama-qarshilikni keltirib chiqargandek. Umumiy xulosa o‘rnida, Ravshan Ermatov bir yillik faoliyati ijobiy baholangan. Uning atrofidagi ba’zi mutaxassislar ishi qoniqarsiz.

AMINOVNING AYBLOVLARIGA NEGA MIQ ETILMAYAPTI? 

Oradan bir oy o‘tib, navbatdagi sado xorijlik “jonkuyar” Alisher Aminov tomonidan yangradi. Rossiyada istiqomat qilayotgan mutaxassis ochiqchasiga o‘zbek futbolini rivojlanmayotganligiga asosiy rahbar, ya’ni O‘FA prezidenti aybdorligi, Ravshan Ermatov esa har qancha kuchli mutaxassis bo‘lmasin, “qishloqcha ishlashga mahkum etilgan”ligi ta’kidlab o‘tilgan. Ermatovni bu lavozimga majburan o‘tkazishgani, aslida uning bu borada xohishi ham bo‘lmaganligini, shu bilan bir qatorda mamlakat futbolini aslida davlat rahbarining sport bo‘yicha maslahatchisi boshqarayotganligini aytadi.

Intervyu boshidan oxirigacha Ermatovni oqlash, O‘FAdagi boshqa futbol vakillarini nomutaxassislikda ayblash, strategiya va sharoit yo‘qligini ta’kidlash bilan o‘tgan.

Shu o‘rinda, kishini o‘ylantiradigan bir holatga e’tibor qaratmasak bo‘lmaydi. Oradan bir haftadan oshiq vaqt o‘tdi. O‘FAdagi mutasaddi rahbarlar sukut saqlashmoqda. Bir yil davomida biror martayam tanqid bo‘lmagandi. Kutilmaganda, tanqid toshlari otila boshlandi. Eng ta’sirlisi, asosiy ayblov O‘FA bosh rahbariga qaratildi. Savol tug‘iladi? Nega, uning o‘rinbosarlari jim. R.Ermatov, Sh.Isroilov, A.Maksumov va yana bir qancha maslahatchilar bor, ular ham O‘FA prezidentining ishidan norozidek, deb o‘tirishgandek go‘yo.

Xo‘p Alisher Aminov, O‘FA prezidenti 2003 yildan muntazam o‘z ish faoliyati bilan birga futbol bilan ham hamnafas ekanligini bilmagan ekan, deylik. Nega janobi Ermatov, bu borada rossiyalik o‘zbek noto‘g‘ri fikr yuritganligini ikki og‘iz gap bilan bo‘lsada rad etib qo‘ymadi. 2005-2006 yillarda cho‘lda “Mash’al”ning gurkirashi, O‘zbekiston chempionatida ikkinchi va uchinchi o‘rin, kubok finaliga chiqishi, hatto Osiyo chempionlar ligasidayam ishtirok etishida kimning hissasi katta bo‘lganligini Ermatov yaxshi biladi-ku. 2008 yilda A.Azizov O‘FA vitse-prezidenti bo‘lganligi, keyingi yillarda ham qayerda ishlamasin, futbolga bee’tibor bo‘lmaganligini OAVda yoritilgan. Aminov, O‘FA rahbarining futboldan yiroq inson deb fikr yuritishi yolg‘on ekanligini o‘ziyam yaxshi bilsa kerak. Bundan tashqari, O‘FA o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lgan Azamat Abduraimovni hech bir asossiz ishdan bo‘shatib yuborganligini aytib o‘tgan.

Aminov bergan intervyuda ko‘tarilgan masalalar, muammolar hozirgi kunda O‘FA faoliyatida mavjud ekanligi haqiqat. Biroq, nega bunga faqat yuqorida tilga olingan davlat rahbarining sport bo‘yicha maslahatchisi va O‘FA prezidenti aybdor, xolos?  Aminov o‘zbek futbolidagi bugungi voqeliklarni yetkazgan odam, barchasini boricha aytib bermagan ko‘rinadi. Majburan futbol rahbarligiga tayinlangan Ermatovni mavjud kamchilik va muammolardan holi deb bong urayotgan futbol eksperti, 2019 yil 20 iyundagi Ravshan Ermatov va O‘FA mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanini o‘qimagan shekilli. Umumiy O‘FA birinchi vitse-prezidenti ishtirokidagi matbuot anjumanlari, intervyularda o‘zbek futbolini rivojlantirishga jiddiy bel bog‘laganligi, har qanday to‘siq va muammolarni bartaraf etishga harakat qilishi ta’kidlangan.

O‘FANING BIR YILLIK ISH FAOLIYATI QAY DARAJADA? 

Maqola boshida yozganimdek, o‘tgan bir yil davomida respublika OAV vakillari tomonidan ochiq tanqid yoki O‘FA ishiga salbiy munosabat bildirilmagan. Faqat mana shu Aminov va Nikimbayevlar o‘zbek futbolida ishlar maqtashga arzimasligini aytib chiqishgani, ayni damda O‘FAning ishiga bizniyam aralashishga majbur etdi. Tanqid ostiga olingan O‘FAda bir odamdan boshqa barcha aybdor ekanligi tushunarsiz. Karerasida futbolda katta ishlarni amalga oshirgan odamni tanqid qilish mumkin emasmi? Balki kimgadur O‘FAning hozirgi rahbari olib borayotgan “tozalash” siyosati yoqmayotgandir? Darvoqe, kadrlar muammosini, Ermatov o‘z jamoasini shakllantira olmaganini yozgan Nikimbayev, so‘nggi oylarda O‘FAdagi kadrlar almashinuvidan xabardor bo‘lsa kerak. Ermatov katta ishonch bildirgan ko‘plab futbol mutaxassislari O‘FAni tark etdi. Ammo, lekin, biroq... Bu haqda O‘FA xodimlari hamda bu dargohga tez-tez qadam ranjida qiladigan sanoqli insonlardan boshqa hech kim bilmaydi. Nega? Chunki bu “otstavka”lar rasman e’lon qilinsa, savollar yog‘ila boshlaydi. To‘g‘riyamda, OAV bir yil Ermatovni ishini jim kuzatdi, nimadir kamchilikni ko‘rgandayam tajribasizlikka yo‘ydi. To‘satdan, Ermatov ishonch bildirgan insonlarning ishdan ketishi har qanday odamda savol uyg‘otsa kerak. 

Kimlar ketdi?

Xalqaro bo‘lim boshlig‘i Sherzod Egamberdiyev...

O‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni tanqid qilishni sevadigan. 

O‘FA texnik direktori Shavkat Imomov...

O‘FAda o‘n yildan oshiq faoliyat yuritgan, trenerlarni tayyorlash bo‘yicha asosiy mas’ul Imomovni ishdan ketishi sabablarini o‘rganish boshlab yuborilardi, agar bu rasman e’lon qilinganda. FIFA va OFK tomonidan trenerlar ta’limi alohida proyektlar orqali moliyalashtirilib turilishi. Moliyaviy tomondan “quyuq” ish o‘rnini Imomov nega tark etdi? Yetarli kapital ajratilishiga qaramasdan nega O‘zbekistonda trenerlik ta’limi oqsamoqda? Xullas, muammo kimda yoki nimada bilmadik-ku, hozirda O‘FA texnik direktori o‘rni bo‘sh.

O‘FA marketing bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Mametov...

Chetdan qaraganda, O‘FAda marketing ishlari yaxshi ketayotgandek edi, ammo negadir bu bo‘limda ham vakant joy paydo bo‘ldi. Assotsiatsiya marketingida “eski” rahbarlar tomonidan amalga oshirilgan noto‘g‘ri ishlar fosh qilindi. O‘FA media va translyatsiya huquqini Lagarderasport kompaniyasiga arzimagan pulga 2025 yilgacha berib yuborilganini aniqlab, yakunda bu huquqni ulardan qaytarib olishga erishishgandi. Ammo oradan anchagina vaqt o‘tsa-da, tayyor mablag‘ keltiradigan huquq, havoda muallaq qotib turdi...

Birinchi vitse-prezident maslahatchisi Jahongir Saidov...

Ermatovning O‘FAda “uy ishlari”ni bajarib yurishi belgilangan Saidov ham kutilmaganda bo‘shash haqida ariza yozdi. Katta ehtimol, Saidov O‘FA xodimi bo‘lish bilan bir qatorda superliga o‘yinlarida hakamligini davom ettirishi musobaqa reglamenti talablariga zid ekanligidan xabardor etilgan. Xuddi Saidov kabi yana bir FIFA laynsmeni Alisher Usmonov ham O‘FAda qaysidir lavozimda ish yuritgan va u ham superliga o‘yinlarida ishlagan. 

Hakamlar bo‘limi mutaxassisi Noil Lutfullin...

2020 yilgi futbol mavsumining ilk turidayoq hakam mavzusi trendga chiqib ketdi. Tantashevning ilk turda “qovun” tushirishi, alaloqibat hamshahari Lutfullin faoliyatiga soya solgan ko‘rinadi, umuman olgan Noil Rishatovich tuzukkina ishlab yurgandi, uning ham jimgina ariza yozib bo‘shashi...

Sal avvalroq PFL direktori Davron Shoqurbonov...

Ermatov O‘FA rahbar lavozimiga tayinlanganidan uch kun o‘tib PFL direktorligiga saylangan Shoqurbonov ham o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketdi. 

2020 yil boshlarida akademiyalarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Ongar Jalimov o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketgandi.

Ko‘rib turganingizdek, O‘FA tarkibiy tuzilmasidagi o‘zgarishlarni jimgina amalga oshirishni afzal biladi. Nega? Buning sabablari esa afsuski, bizga qorong‘u.

ERMATOV O‘ZI BERGAN 10 VA’DANI UNUTDIMI?

Ba’zi xabarlarga ko‘ra, O‘FA prezidenti korrupsiya va qing‘ir ishlardan futbolni tozalashni qo‘l ostidagi xodimlardan boshlaganligi ma’lum. Shu o‘rinda yana bir ma’lumotga e’tibor qarating. O‘FA rahbari respublikada asosiy ishi o‘ta mas’uliyatli bo‘lishiga qaramasdan, futbolda 10 ga yaqin ochiq yig‘ilishlarda bevosita ishtirok etgan. Ahamiyatlisi, ularning deyarli barchasida O‘FA ish faoliyati tanqid ostiga olingan. Shu bilan bir qatorda yechilmay qolayotgan ba’zi masalalarni yig‘ilish jarayonida hal etib bergan. Futbol klublarining moliyaviy ta’minlanishiga, hududiy futbol federatsiyalariga mablag‘ ajratilishiga katta yordam bergan. 

OAV internet dunyosida Ravshan Ermatovdan tashqari barcha O‘FAdagilar o‘zbek futboli uchun hech narsa amalga oshirmaganligini bong urgan Alisher Aminovga bu ma’lumotlar sir tutilganmikin.

Ermatov lavozimni egallagandan keyin o‘tkazgan ilk matbuot anjumanida O‘FAda bajarilishi lozim bo‘lgan 10 ta muhim masala haqida so‘z yuritgandi. Xo‘sh, ular  qanchalik amalga oshirilganini tahlil qilib chiqsak.

— Birinchidan, futbolda adolat o‘rnatish, kelishilgan o‘yinlar va totalizatorlarni yo‘qotish eng birinchi qiladigan ishimiz. Bu masalani birinchi bor ko‘tarayotganimiz yo‘q. Futbolda adolat bo‘lmasa u hech qachon rivojlanmaydi. Amir Temur bobomiz bejizga “Kuch – adolatdadir” deb aytmaganlar. Xatto, dunyodagi eng kuchli hakamlar ham xato qiladi, futbol xatolardan iborat. Ammo atayin qilingan xatolar jazosiz qolmaydi. Bugungi kunda O‘FA qoshida kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurash bo‘limi faol ishlamoqda.

Katta va yechimini topish mushkul bo‘lgan muammo. O‘tgan bir yil davomida Proligadan bir ikki jamoa chetlatilganini hisobga olmaganda, bu borada qanday choralar ko‘rildi? Superliganing 2019 yilgi so‘nggi tur o‘yinlaridagi “o‘yinlar”... “Buxoro” va AGMK o‘rtasidagi bahsda so‘nggi daqiqalardagi penalti... “Nasaf”ning o‘z maydonida autsayderga yutqizib qo‘yishi, hammadan bir bosh baland “Paxtakor”ning “Bunyodkor”dan yengilishi...

Ha-ya, uzr “futbol xatolardan iborat”ku.

— Ikkinchidan, futbolimizda faxriylarimizga hurmat ko‘rsatish. Tarixsiz kelajak yo‘q degan maqol bor. Agar biz tarixni hurmat qilmasak kelajakni ham hurmat qilmagan bo‘lamiz. OFK yoki FIFAdan kelgan mutaxassislarga futbol O‘zbekistonga kecha kirib kelmaganini ko‘rsatishimiz kerak. Shu bois O‘FA binosidagi kichik muzeyni qayta tashkil etdik. O‘zbekistonda ilk bor futbol o‘yini 1912 yil Qo‘qonda o‘ynalganini barcha biladi. Yaqin kunlarda o‘zbek futboli faxriylar kengashini qayta tiklaymiz. Ularga O‘FA binosida alohida xona ajratamiz.

Tarixni esga olsak, O‘FA majlislar zalida yubiley yoshiga yetgan faxriylarni taqdirlash marosimlari o‘tkazilgan. O‘FA rasmiy saytida birortayam bu kabi tadbir yoritilmadi. Menimcha bu yil futbol faxriylari yubiley yoshiga kirmagan shekilli. Karantin davrida ko‘p soha vakillari faxriylar, nafaqaxo‘rlar holidan xabar olib turdi. O‘FA bu kabi ishlarni amalga oshirsayam sir tutarmikin.

— Uchinchidan, muxlislar masalasi. O‘zbek futbol muxlislari juda ham talabchan. Muxlislar futbolning haqiqiy jonkuyarlari, biz stadionlarni sun’iy ravishda to‘ldirish fikridan voz kechamiz. Bosqichma-bosqich rivojlanishni olib borsak muxlislar stadionlarga oqib kela boshlashadi. Ammo ba’zida sevimli klubi mag‘lubiyatga uchraganda muxlislar tomonidan nomaqbul so‘zlar aytilayotgani kuzatilmoqda. Shu bois muxlislar kengashini tashkil qilishga qaror qildik.

Muxlislar borasida birgina onlayn chipta savdosini amalga oshirganini hisobga olmasak, hech qanday jiddiy ish amalga oshirilmadi. Chempionat o‘yinlarida stadionlar qay ahvolda bo‘lganligini TVdan ko‘rgandirsiz. Harqalay sobiq vitse-prezident Ahmadjonov bu ishlarda ancha talabchan edi.

— To‘rtinchidan, murabbiylar va futbolchilar haqida. Futbolni futbol qiladiganlar murabbiy va futbolchilar. O‘FA xodimlari futbolga xizmat qilish uchun keldik. Mendan boshlab tashkilotning har bir xodimi futbolimiz xizmatchisi. Endi murabbiylar va futbolchilar dardini ko‘proq tinglaymiz. Hamda bir paytlar bo‘lgan murabbiylar kengashini qayta tiklaymiz. Bu kengashda o‘zbek futboli tarixi va zamonaviy futbolni yaxshi tushunadigan murabbiylar bo‘lishadi. Futboldagi har bir xato uni bir necha yil orqaga surib yuborishi mumkin.

FIFAdan kelayotgan qator-qator sanksiyalar O‘FAning klublar bilan ishlashi qanchalik amalda ekanligini ko‘rsatib bermoqda. Bundan tashqari, murabbiylar sifati va samaradorligi, futbolchilar qo‘nimsizligiga barham berish bo‘yicha dastur yoki qaror qabul qilinmadi. Bu yo‘nalishda ortda qolgan yilda ham eski an’analar davom etdi.

— Beshinchidan, bolalar futboli haqida. Butun dunyoda futbolning poydevori va ustuni hisoblanadi. Yurtimizda juda ko‘plab futbol maktablari va akademiyalar mavjud. Yaqinda ikkita futbol akademiyasiga borib ko‘rdik. Ochig‘ini aytsak vaziyat juda og‘ir. Yana bir muammo bolalar futbol musobaqalari juda kam. Bolalar futbol musobaqalari aslida har bir mahallaga kirib borish kerak. O‘zimizda ham bolalar futboliga befarq bo‘lmagan mutaxassislar ko‘p. OFK, FIFA vakillari va o‘zimizning mutaxassislarni yig‘ib gaplashamiz.

Ha, bolalar futbolida ham O‘FA ajoyib ishga qo‘l urdi. O‘z huzurida bo‘lgan 14ta hududiy futbol akademiyasini Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga topshirdi. Ishoning, akademiyalarning ahvoli bu bilan yaxshi tomonga o‘zgarib qolmaydi. Shunchaki, byudjet mablag‘lari ko‘kka sovurilishi davom etadi. Futbolda yomon illatga aylangan yosh kichraytirish, iqtidorli yoshlarni e’tiborsiz qoldirish kabi muammolar yechimi sifatida ko‘rilgan yagona elektron tizim ham haligacha amaliyotga tatbiq etilmadi. Aytgancha, O‘FA ijroqo‘m yig‘ilishida bu masala bajarilgan deb hisobot berilgan.

Bolalar futbolida katta muammo bu o‘yin amaliyoti yetarli emasligi. Afsuski, bu borada aniq reja (karantinni bahona qilishmasin) dunyo yuzini ko‘rgani yo‘q.

— Oltinchidan, terma jamoalar haqida. Sentyabr oyida milliy terma jamoamiz JCH-2022 saralashini boshlaydi. O‘sha oyda O‘zbekiston U-16 terma jamoasi Toshkentda Osiyo chempionati saralashida qatnashadi. Noyabr oyida O‘zbekiston U-19 terma jamoasi Osiyo saralashida ishtirok etishadi. Har bir terma jamoa murabbiylari bilan suhbatlashdik va ularga kerakli sharoitlar yaratib berilishini ma’lum qildik.

Milliy terma jamoadan Ektor Kuperni ishdan olishdi. Shundan keyin, o‘smirlar terma jamoasidan Azamat Abduraimov, yoshlar terma jamoasidan Otabek G‘ulomxo‘jayev ishdan olindi. Ammo sharoit va e’tibor borasida tayinli ish qilingani shubhali. Bunga yaqqol misol: terma jamoalarimiz tomonidan o‘tkazilgan o‘yinlarga e’tibor qarating. Asosiy jamoa o‘z maydonida Saudiya Arabistoniga mag‘lub bo‘ldi. O‘smirlar bir amallab Osiyo chempionati final bosqichiga chiqdi. Yoshlar terma jamoamizning  saralash o‘yinlaridagi antiqa qiliqlari sanksiya va ogohlantirish keltirdi. O‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazish borasida ham “faol”likni yo‘qotdik. Tokio olimpiadasi yo‘llanmasi uchun keragidan ortiq sharoit yaratib berilgan bo‘lsa-da, vazifa bajarilmadi. Bu gal ham silliqqina aybdor sifatida bosh murabbiy Drulovich ishdan bo‘shatildi.

— Yettinchi masala – bu O‘FA va PFL. Bundan buyog‘iga O‘FA, OFK, FIFA, sport vazirligi va MOQ bilan yaqindan do‘st bo‘lib futbol manfaatlarini ustun qo‘yadigan tashkilotga aylantirmoqchimiz. Futbolda ishlaydigan har bir xodim o‘z yo‘nalishini chuqur biladigan mutaxassis bo‘lishi kerak. O‘FA va PFLda ishlayotgan har bir xodimni malakasini o‘rganib chiqamiz. Jamoalar PFLga emas, PFL jamoalarga yordam berishi va xizmat qilishi kerak.

PFL direktorining almashtirilishi nega amalga oshirildi? Bu yo‘nalishdagi ishlarga Diyor Imomxo‘jayev tomonidan kiritilayotgan kreativlikni, shaffoflikni hisobga olmaganda hammasi o‘sha-o‘sha. Sport tashkilotlari bilan yaqin do‘st bo‘lishga kelsak, futbol hali hanuz, sport muassasalarida yetarli sharoitga ega bo‘lmay kelmoqda.

— Sakkizinchi masala – bu hakamlar. Ochig‘ini aytish kerak, hakamlik mavzusi futbolimizning eng og‘riqli nuqtasi. Islohotlarga muhtoj bo‘lib qolgan mavzu bu. Futbolning saviyasini oshirishga urinyapmiz, ammo havaskor hakamlar tufayli saviyani tushirib qo‘ymoqdamiz. Hakamlar orasida haydovchilar ham bor, zavod ishchilari ham bor. Hakamlarni professionallikka olib o‘tishimiz kerak. Hakamlardan sifat talab qilishdan oldin ularga malakasini oshirishga sharoitlar yaratib berishimiz kerak. Shundan keyin, 100 emas 200 foiz talab qilishimiz mumkin. OFK va FIFA standartlari bo‘yicha hakamlarni malakasini oshirish bo‘yicha ish boshlashimiz kerak. Bu hakamlar departamentiga topshirilgan.

Hakamlikda suyagi qotgan Ermatovdan bunday jiddiy va dalillarga boy tanqidni ko‘rib, rosti futbolimizda bundan buyon umuman hakamlar muammosi bo‘lmas ekan-da, deb o‘ylagandim. Afsuski, bu jamoa o‘z “ishi”ni tap tortmasdan bajarib kelmoqda. Natija yoki vaziyatlar bo‘yicha e’tirozlar ortsa ortdiki, kamaymadi. Balki shu sabab, rahbariyat Lutfullin ishidan qoniqmagan. Ermatov o‘z so‘zida hakamlar orasida haydovchilar ham bor, zavod ishchilari ham bor deb aytgan. 2019 yilgi hakamlar ro‘yxatida bo‘lgan barcha, 2020 yilda ham o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Bunday qisqa muddatda haydovchi yoxud zavod ishchisi professional bo‘lib qolishini o‘zbek futbolidan boshqa joyda uchratmasak kerak.

— To‘qqizinchidan, xalqaro aloqalar. O‘FAda ish boshlaganimning ilk kunlarida OFK prezidenti Shayx Salmon bin Xalifa qo‘ng‘iroq qildi va bu lavozimda omad tiladi. Kuni kecha yurtimizga OFK vakillari tashrif buyurishdi. Yana bir maqsadimiz Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi bilan yaqin hamkorlik qilishni istaymiz.

Xalqaro yo‘nalishda ko‘p ishlar amalga oshirildi. OFK prezidenti tashrif buyurdi.                    19 yoshgacha yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati mezbonligi taqdim etildi. UEFA vakillari kelib ketishdi. Qatarga ish o‘rgangani bir qator mutaxassislar jo‘natildi. Ammo bularning barchasi lahzalik voqealar jamlanmasidan o‘zga narsa bo‘lmadi. Ermatov o‘z nufuzi va dunyo futbolidagi o‘rnidan kelib chiqib, rivojlanish yo‘lida aniq biror bir ish amalga oshirmadi. Bundan keyin ham nimadir o‘zgarishiga ishonish qiyin. Sababi oddiy, zamonaviy futbolni istagan tashkilotda texnik direktor, marketing yo‘nalishlari bir lahza bo‘lsada vakant bo‘lib turmaydi.

— O‘ninchidan, futzal va ayollar futboli. Futzalni oldingidek saviyaga olib chiqish ustida ish olib boramiz. Ayollar futboli yildan yilga rivojlanib bormoqda. Shuni tan olish kerak, ba’zi ayollar erkaklardan ham yaxshi o‘ynaydigan bo‘lib ketdi.

Futzal va ayollar futboli bo‘yicha ham o‘tgan yillar bilan solishtirganda hech qanday jiddiy o‘zgarish yoki islohot ko‘rmaysiz. O‘FAda katta ehtimol bilan bu yo‘nalish bosh kotib Avaz Maksumovni qiziqtiradi, xolos.

OVCHI KIM-U QUYON KIM?

Xorijlik ekspertlar fikr-mulohazalari bilan chalg‘ib, 2019 yil dekabr oyida “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni imzolanganligi yodimdan ko‘tarilibdi. Bu farmon avval chiqarilgan qaror va farmonlardan tubdan farq qilib, ilova tariqasida 2030 yilga rivojlantirish konsepsiyasi, yo‘l xaritasi va boshqa hujjatlar amaliyotga tatbiq etildi. Bu farmonning chiqarilishida O‘FA prezidentining hissasi beqiyos bo‘ldi. Farmon ijrosini ta’minlash esa O‘zbekistondagi har bir futbolga mas’ul shaxsga tegishli. Bu bo‘yicha ham ishlar o‘ta sust amalga oshirilmoqda. Bunga pandemiyani sabab qilib ko‘rsatish mumkin, biroq karantin boshlangunga qadar ham 3 oy davomida tayinli ish amalga oshirilmagan.

Janob Aminov so‘ragan strategiya va dastur o‘rnini hozircha mana shu Farmon va uning ilovalari bemalol bosib turishi mumkin. Bundan unumli foydalana bilish va amaliyotga tezroq kiritish lozim.

Shu o‘rinda Ravshan Ermatovning bir yil davomida hududlarni bir necha marta aylanib chiqqanligini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Uning viloyatlarga tashrifini O‘FA matbuoti keng yoritib borgan. Hududlardagi muammo va kamchiliklarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan rahbar, ularning yechimi borasida nimadir amalga oshirganini haqida, afsuski, O‘FA matbuoti hozircha hech qanday ma’lumot bermagan. Ermatov tomonidan yangragan yana bir jumla o‘ta ta’sirli. O‘sha ilk matbuot anjumanida berilgan bir savolga javob shunday edi:

—  Ravshan Ermatov hakamlik faoliyatini davom ettiradimi? 

— Boshida men ham shunday o‘ylagan edim. Ammo futbolning ichiga kirganimdan keyin tushundimki, bu juda qiyin ekan. Bir vaqtning o‘zida ikkita quyonning ketidan yuguradigan bo‘lsak, ikkalasini ham qo‘ldan boy berishingiz mumkin. Oldimdagi eng asosiy maqsad – o‘zbek futboli haqida bosh qotirish. Menga xalqaro faoliyatimni davom ettirish imkoniyati berildi, ammo vaqt kam. Bir ishga qo‘l urdikmi, borimizni berishimiz kerak.

Ha, u shu o‘rinda haq gapni aytganligi o‘z isbotini topmoqda. 2020 yilning 8 fevralidan Ravshan Ermatov O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga ham tayinlov oldi. Shuning o‘zi ikki quyon ortidan quvish emasmi? Shunday ekan o‘zbek futbolining jarga qulayotganiga yana qancha tomoshabin bo‘lib turish mumkin? 
 


Maqola muallifi

Teglar

San'at Sharipov

Baholaganlar

218

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar